Innovatsion rivojlanish agentligi ICBA bilan hamkorlik qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni damda Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida xizmat safarida bo‘lib turgan Agentlik delegatsiyasi ICBA bilan Anglashuv memorandumini imzoladi.
Unga ko‘ra tomonlar oʻrtasida ilmiy va ilmiy-texnik maʼlumotlar, materiallar, nashrlar va boshqa tegishli maʼlumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekistonlik yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun ilmiy stajirovkalar tashkil etiladi, tegishli sohalarda ilmiy salohiyatni yanada oshirish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, Orol dengizi qurigan tubi ekotizimini tiklash boʻyicha oʻzaro hamkorlik olib boriladi.
Tadqiqot markazi rahbari Tarifa Alzaabi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur masalalar atroflicha muhokama etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) 1999-yilda tashkil etilgan xalqaro, notijorat qishloq xoʻjaligi amaliy tadqiqot markazi bo‘lib, butun dunyo boʻylab 50 dan ortiq hamkorlar, jumladan, hukumat va nodavlat tashkilotlar hamda tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qiladi. U shoʻrlangan yerlarga ega boʻlgan hududlarda qishloq xoʻjaligining barqarorligini oshirishda muhim rol oʻynaydi va butun dunyo boʻylab qishloq xoʻjaligi samaradorligini hamda oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga yoram beradi.
ICBAning tadqiqotlari 30 dan ortiq mamlakatlarda qoʻllanilmoqda.
Innovatsion rivojlanish agentligi delegatsiyasi vakillari xizmat safari davomida shuningdek, ICBAning tajriba maydonlarida olimlar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar, Amirliklarning tuproq muzeyi (Emirates Soil Museum), shuningdek, qurgʻoqchilik, issiqlik va shoʻrlanishga chidamli oʻsimlik turlarining germplazmasining dunyodagi eng yirik kolleksiyalaridan biri boʻlgan noyob genbank faoliyatini koʻzdan kechirdilar.