Innovatsion klinika tibbiyot rivojida andoza bo‘ladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi.
Ijtimoiy davlat sanalmish O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlash eng dolzarb yo‘nalishlardan biri. Shu maqsadda davlat shifoxonalari isloh qilinyapti, sohaga investitsiyalar jalb etilib, xususiy sektor ham rivojlantirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda Qashqadaryoda 700 dan ziyod xususiy klinika ochilgan, ularda 72 ta xizmat turi yo‘lga qo‘yilgan.
Rossiyalik tadbirkor bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oq saroy” klinikasi yaqinda ishga tushdi. Bu yerda 4 ta jarrohlik va 6 ta reanimatsiya xonalari, 100 dan ortiq shifo o‘rinlari mavjud. Bir vaqtning o‘zida 4 ta va kuniga 25 tagacha yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun Rossiya, Turkiya va Kuvaytdan malakali shifokorlar ishga jalb etilgan. Stentlash, aorta koronar shuntlash, tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish, endoprotezlash kabi davolar samarasi yuqori.
Markaz yuqori aniqlikda tashxis xizmati ham ko‘rsatadi. Masalan, zamonaviy exokardiografiya uskunasi sun’iy intellekt yordamida ishlaydi. Bunaqasi hozircha O‘zbekistonda yagona.
Davlatimiz rahbari bunday innovatsion klinikalar tibbiyotda sifat va dunyoqarashni o‘zgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashini ta’kidladi.
– Bu yerdagi tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, topamiz. Faqat zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davo bo‘lishi lozim. Muqobillik, raqobat bo‘lmasa, sifatga intilish bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga bu borada taklif tayyorlash, klinikalarni birlamchi bo‘g‘in va tibbiy sug‘urta tizimi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shifoxonada 130 ta ish o‘rni yaratilgan. Malakali mutaxassislar tayyorlash uchun shu yerning o‘zida klinik ordinatura yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimiz bunga alohida ahamiyat qaratib, talaba va shifokorlarning malakasini oshirish, xorijlik mutaxassislar bilan telemeditsinani kengaytirish muhimligini qayd etdi.
Aytish joizki, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida qashqadaryoliklar orasida yurak qon-tomir xastaliklari ko‘p uchraydi. Yangi klinika va uning qoshidagi markaz ushbu kasalliklarni erta aniqlab tashxis qo‘yish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur markaz tomonidan mobil diagnostika mashinalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, chekka hududlardagi aholiga UTT, MSKT, EKG kabi tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadi.
#Shavkat Mirziyoyev