Valyuta kurslari 18/04/2025
$1 – 12964.43
UZS – -0,23%
€1 – 14744.45
UZS – -0,12%
₽1 – 158.28
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 18/04/2025 ILMA O‘zbekistonda kapitallar, sug‘urta va qimor o‘yinlari bozorlari regulyatori maqomini oldi

ILMA O‘zbekistonda kapitallar, sug‘urta va qimor o‘yinlari bozorlari regulyatori maqomini oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 aprel kuni Milliy istiqbolli loyihalar agentligi (ILMA) vakolatlarini kengaytirishga doir qonunni imzoladi.

Qabul qilingan o‘zgartishlarga muvofiq, ILMA rasman kapital bozorlari va sug‘urta xizmatlarini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organ maqomini oldi. Bundan tashqari, ILMA lotereyalarni tashkil etish vakolatiga ham ega bo‘ladi.

Qonunga ko‘ra, bukmekerlik faoliyati, lotereyalar va internet orqali qimor o‘yinlari o‘tkazish litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari qatoriga kiritildi.

Bundan tashqari, hujjat “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda ham o‘zgarishlar kiritishni nazarda tutadi, unda sug‘urta kompaniyalari rahbarlari va ularning egalari uchun ishbilarmonlik obro‘-eʼtiboriga oid talablar belgilab qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil aprel oyida Prezident qimor va bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risida qaror imzolagandi. ILMA ushbu islohot zarurligini amal qilib kelayotgan taqiqlar samarasiz bo‘lgani, valyutaning xorijga chiqib ketishi, qimorga bo‘lgan qaramlikning ortishi va firibgarlik holatlari ko‘payishi bilan izohladi.

Dekabr oyida Vazirlar Mahkamasi qimor o‘yinlari va bukmekerlik kompaniyalari tashkilotchilariga qo‘yiladigan talablarni belgilaydigan reglamentni tasdiqladi. Unda ustav kapitali miqdori, zaxira fondi hajmi, o‘yinchi hisobini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va boshqa shartlar belgilab qo‘yilgan.

ILMA bukmekerlik va onlayn-kazino faoliyati uchun besh yil muddatga litsenziya berish huquqiga ega qilindi. Litsenziya yig‘imi 500 asosiy hisob-kitob miqdori (187,5 mln so‘m), litsenziyaga o‘zgartirish kiritish esa 250 AHM (93,75 mln so‘m) miqdorida belgilandi.

2025 yil yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bukmekerlik va qimor o‘yinlari tashkilotchilari uchun litsenziyalash meʼyorlarini mustahkamlovchi, shuningdek, ayrim toifadagi fuqarolarning ishtirokini cheklovchi qonun loyihasini maʼqulladi.

«Milliy tiklanish» fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov partiya bu tashabbusni faqatgina avvalgi taqiqlovchi choralar samarasizligini tan olgan holda qo‘llab-quvvatlaganini taʼkidladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling