Valyuta kurslari 18/07/2025
$1 – 12658.19
UZS – -0,79%
€1 – 14672.11
UZS – -1,0%
₽1 – 161.44
UZS – -1,16%
Qidirish
Iqtisod 19/07/2025 ILMA: Mayning uskunalarini ijaraga berish loyihasida firibgarlik alomatlari aniqlandi

ILMA: Mayning uskunalarini ijaraga berish loyihasida firibgarlik alomatlari aniqlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 14–15 iyul kunlari Kun.uz axborot saytida “Navbatdagi ertak: O‘zbekistonda ‘kriptovalyuta mayningi uchun uskunalarni ijaraga berish‘ orqali pul ishlash taklif qilinmoqda” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.

Ushbu materialda fuqarolarga go‘yoki mayning uskunalarini ijaraga olish orqali qisqa muddatda yuqori daromad olish taklif etilayotgan loyiha haqida batafsil maʼlumot berilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda taʼkidlanishicha, mazkur loyiha tashabbuskorlariga kriptovalyuta mayningi faoliyatini amalga oshirish uchun hech qanday ruxsatnoma berilmagan.

2028 yil 3 iyuldagi Prezidentning 3832-PQ sonli qaroriga muvofiq, mayning faqatgina quyosh fotoelektr stansiyalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini ishlatuvchi, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar uchun ruxsat etilgan. Bunday subyektlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi shart.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur loyiha tashabbuskorlarining harakatlarida firibgarlik va kripto-aktivlar sohasidagi amaldagi qonunchilikni buzish holatlari mavjud. Shu munosabat bilan bu holat yuzasidan maʼlumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

ILMA fuqarolarni ogoh bo‘lishga, shubhali sxemalar, moliyaviy piramidalar hamda kripto-aktivlar bilan bog‘liq skam-loyihalarda ishtirok etmaslikka chaqirmoqda.

Vazirlik shuni qatʼiy tavsiya etadiki, kripto-aktivlar bilan bog‘liq har qanday moliyaviy operatsiyalar faqatgina milliy provayderlar orqali va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling