Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
O‘zbekiston 05/11/2024 Ijtimoiy xizmatlar sohasiga oid takliflar ko‘rib chiqildi

Ijtimoiy xizmatlar sohasiga oid takliflar ko‘rib chiqildi 

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-noyabr kuni ijtmioiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyada oila muhitida kamol topish farzandning uzviy huquqi ekanligi belgilangan. YUNISЕF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yetim bolalarning yarmi ijtimoiy himoya xizmatlari bilan qamrab olinmagan. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 23-sentabrdagi farmoni bilan qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash vazifalari ham belgilangan.

Shunga muvofiq, bunday bolalarni tarbiyaga berish va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Jumladan, bolani tarbiyaga berishda oila muhitini saqlab qolishga ustuvorlik beriladi. Bunda avvalo vasiylik, homiylik yoki farzandlikka berish qo‘llab-quvvatlanadi. Ixtisoslashtirilgan muassasaga eng so‘nggi chora sifatida joylashtiriladi.

Farzandlarni oilaning kambag‘alligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Kambag‘al oila vakillari ishga joylashgan taqdirda, bolasi uch yoshga to‘lguncha bog‘cha xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya jamg‘armasidan kompensatsiya beriladi.

Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar joylashtiriladi. Ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, onalik ko‘nikmalari o‘rgatiladi hamda kasb egallashiga ko‘maklashiladi.

Bu kabi xizmatlarni tashkil kilishda nodavlat tashkilotlari ham keng jalb qilinadi. 

Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan bolalar tarbiyaga berilguniga qadar “Inson” markazi tomonidan oilaviy bolalar uyiga joylashtiriladi. Tarbiyaga beriladigan bolalar uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi. 

Yetim bolalarni aniqlash, ularni tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxslar ma’lumoti “Ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladi.  “Inson” markazlari bolalarning qonuniy vakili etib belgilanadi hamda huquq va manfaatlarini himoya qiladi. 

Shuningdek, bu markazlar tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitini, yordamlarning maqsadli ishlatilishini va tarbiyaga olgan shaxslar majburiyatlarini monitoring qilib boradi. 

Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida belgilanadi. Tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarga umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limni tugatgunicha yashash va parvarishlash xarajatlari to‘lanadi.

Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, shu sohada yana bir hujjat – “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida” qonun ma’qullangan. Unda bu boradagi huquqiy asoslar mustahkamlanib, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi davlat organlari hamda ularning vakolatlari aniq belgilangan. Prezidentimiz ushbu qonunni imzoladi. 

Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etishga qaratilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Yurtimizda 19 ta parasport turi bilan shug‘ullanishga sharoit yaratilgan. 25 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sport bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat sport maktablarida adaptiv sport bo‘yicha guruhlar tashkil etish, mahallalardagi maydonchalarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham moslashtirish taklif etilmoqda.

“ERP-sport” elektron tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarning alohida hisobini yuritish orqali ularning imkoniyatiga mos sport turlari avtomatik aniqlanadi. 

Reabilitatsiya markazlarida jismoniy terapiya, mexanoterapiya, fizioterapiya kabi zamonaviy reabilitatsiya usullarini qo‘llash kengaytiriladi.

Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini tayyorlashga ham e’tibor kuchaytiriladi. Bu yo‘nalishda xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar hamda ularning murabbiylarini moddiy  rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling