Ichki bozorda raqobat muhiti rivojlantiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, ichki bozorda raqobat muhitini rivojlantirish sohasida quyidagilar belgilandi, jumladan:
- olib kirilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi 1994 yildagi Tariflar va savdo bo‘yicha General kelishuv (GATT) va 1994 yildagi mazkur kelishuvning VII-moddasini qo‘llash to‘g‘risidagi Kelishuvda belgilangan umumiy tamoyil va qoidalarga to‘liq muvofiq keltiriladi;
- tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda imtiyozlar yoki maxsus bojxona rasmiylashtiruvi tartiblari, jumladan, muayyan aniqlash usullarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, ularga muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
2025 yil 1 maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi hamda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati bo‘yicha vakolatli organ vazifalari Canitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
2025 yil 1 avgustdan oziq-ovqat mahsulotlari uchun
texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi hamda Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari daxldor vazirlik va idoralar bilan kelishilgandan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.
Sanitar, fitosanitar va veterinariya nazorati sohasidagi quyidagi tartib-taomillarga majburiy amal qilish 2025 yil yakunigacha talab qilinmaydi, jumladan:
- mahalliy va import oziq-ovqat mahsulotlari uchun sanitariya va epidemiologiya xizmatlarining laboratoriyalari natijalariga asosan sanitariya-epidemiologik xulosa olish orqali sertifikatlash;
- barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, bolalar ovqatlari, terapevtik va profilaktik ovqatlanish uchun parhez oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchalari va yangi retseptlar yoki yangi texnologiya asosida yaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun barcha texnik hujjatlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishish va tasdiqlash;
- o‘simlik mahsulotlari, mato, ipak, charm, o‘yinchoqlar, sport inventari va boshqalar uchun veterinariya sertifikatini olish.