ICAO O‘zbekistonning aviatsiya xavfsizligi sohasidagi yutuqlarini baholaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — ICAOning Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi direktori Nikolas Rallo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“O‘zaviatsiya” agentligi hamda Transport vazirligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ICAO standartlarini O‘zbekiston qonunchiligiga tatbiq etish holati muhokama etildi.
Uchrashuvda N.Rallo 2023-yilda o‘tkazilgan ICAO auditi natijalari va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan batafsil tanishib chiqdi.
Tashrif doirasida ICAO Yevropa va Shimoliy Atlantika idorasi direktori “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “Centrum Air”, “Qanot Sharq” va “Air Samarkand” aviakompaniyalari rahbariyati va xodimlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar aviakompaniyalarni rivojlantirish borasida uzoq muddatli rejalar, erishilgan yutuqlar va dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Centrum Air, Qanot Sharq va Air Samarkand aviakompaniyalari vakillari yaqin kelajakda IOSA (IATA Operational Safety Audit) sertifikatidan o‘tish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi, bu esa ularning xalqaro xavfsizlik standartlariga rioya qilish majburiyatini tasdiqlaydi.