Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 20-yanvar kuni Toshkentda Migratsiya agentligi tomonidan Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Japan Career Portal portali rasman ishga tushirildi.
Tantanali marosimda Migratsiya Agentligi direktori Behzod Musayev va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezideti janob Akihiko Tanaka ishtirok etdi.
Marosimda qayd etilganidek, ushbu portalning ishga tushirilishi ikki davlatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini mustahkamlashda muhim voqea hisoblanadi. Bu JICAning Markaziy Osiyodagi mana shu yo‘nalishdagi birinchi loyihasi bo‘lib, Yaponiyaning sanoat sektorida ishga joylashtirish orqali inson kapitali rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Umid qilamanki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda ishga tushirilgan ushbu portal Yaponiyada o‘qish, ishlash va malaka oshirish istagidagi o‘zbekistonlik yoshlarga, mutaxassislarga samarali ko‘makchi bo‘lib xizmat qiladi", - dedi JICA prezideti Akihiko Tanaka.
“Japan Career Portal” O‘zbekiston fuqarolariga Yaponiyada mehnat migratsiyasi, ta’lim va yashash imkoniyatlari haqida ishonchli ma’lumotlarni taqdim etuvchi universal platforma sanaladi. Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilarga o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyati va kasbiy sifatlari haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etib boriladi.
Shuningdek, Yaponiyaning "Maxsus malakaga ega ishchi" dasturi doirasida O‘zbekiston uchun sohalar tarmog‘ini kengaytirish, yapon tili va malaka kurslari sonini ko‘paytirish, Yaponiyaning yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalarini hamkorlikka jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.
Portalda o‘zbek, rus va yapon tillarida ma’lumotlar mavjud bo‘lib, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borishingiz mumkin.