Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-yanvar kuni Turkiyaning “IC İçtaş İnşaat” kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zosi Rexa Denemech hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda kompaniyaning “IC İçtaş İnşaat” qurilish biznesini rivojlantirish bo‘yicha bosh direktori Yegemen Ilkin hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov, Transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Kompaniya 55-yillik tajriba ega bo‘lib, avtomobil yo‘llar, tunnellar, ko‘priklar hamda turli yirik inshootlarni nafaqat Turkiyada, balki xorijiy davlatlarda DXSH asosida muvaffaqiyatli barpo etgan. Kompaniya tomonidan DXSH asosida Istanbul shahrida umumiy uzunligi 150 km avtomobil yo‘li, dengiz ustida 1,5 km uzunlikdagi “Yavuz Sulton Salim” nomli bosfor ko‘prigi qurilgan, shuningdek, amalga oshirilayotgan yirik loyiha qatoriga Vetnamda qurilayotgan yangi aeroportni kiritish mumkin.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik dasturlari asosida transport infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish, turk kompaniyasining sohadagi tajribasi, jumladan, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va aeroportlar qurish yo‘nalishida shakllantirilgan loyihalari yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi yillarda DXSH loyihalari bo‘yicha hamkorlik katta sur’atlarda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlab, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tuvchi yangi Samarqand-Buxoro tezyurar pullik avtomobil yo‘lini qurish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan DXSH loyihalari, DXSH mexanizmlaridan samarali foydalanish, sohada jahonning ilg‘or va muvaffaqiyatli tajribalaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldilar.