Homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibi takomillashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi homiylik faoliyati subyektlariga nisbatan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy qilish, homiylik tashkilotlarining faoliyati ochiqligini va fuqarolarning ularga nisbatan ishonchini oshirish hamda homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun pul mablag‘larini yig‘ishni qonuniy tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyihada homiylikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlari, homiylik xayriyalarini yig‘ish, xayriya qutisini o‘rnatish va undan foydalanish tartiblari, shuningdek, homiylik xayriyalari to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish va ushbu jarayonning ochiqligini ta’minlash shartlari hamda homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan qator ishlar amalga oshirilgani, jumladan, ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar ishtirokida seminarlar, yig‘ilishlar o‘tkazilgani qayd etildi. Ularda deputatlar bergan takliflar asosida hujjat matni har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilib, maromiga yetkazilgani ta’kidlandi.
Munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.