Hindistonning Bengal ishbilarmonlar kengashi delegatsiyasi bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 7 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmon doira vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Palata raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sardor Rustamboyev, Bengal ishbilarmonlar kengashi raisi Avishek Aiddi hamda taʼlim, farmatsevtika, sport, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Suhbat chog‘ida tomonlar hamkorlikni mustahkamlash, Toshkentda taʼlim muassasalarini ochish, qurilishda qo‘shma loyihalar amalga oshirish, Hindistondan tabiiy soklar eksportini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi vakillari tomonidan O‘zbekistondagi investitsion iqlim va Palataning faoliyati haqida maxsus taqdimot o‘tkazildi, bu esa Bengal delegatsiyasi tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Shuningdek, ko‘rgazma-yarmarka faoliyatida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar, ikki mamlakat kompaniyalarining O‘zbekiston va Hindistonda o‘tkaziladigan sohaviy tadbirlarda faol ishtirok etishidan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda yangi istiqbolli loyihalarga zamin yaratishda muhim qadam bo‘ldi.