Hindiston Kino Festivali 2025: "Sashakt Nari – Ayollikni nishonlash"
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Hindiston Elchixonasi Hindiston Axborot va radioeshittirish vazirligi ko‘magida hamda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamkorligida "Sashakt Nari – Ayollikni nishonlash"kinofestivalini tashkil qilmoqda.
Festival 2025-yil 14-16-mart kunlari Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida "Ghoomer", "Ayol zehni", "Sadoqatli yor" va "Ona" kabi ayollar hayotiga bag‘ishlangan mashhur filmlar namoyish etiladi. Ushbu festival tomoshabinlarga jamiyat qarashlarini shakllantirishda ayollarning ilhomlantiruvchi rolini ko‘rsatib beradigan ajoyib film tajribasini taqdim etadi.
Festivalning tantanali ochilish marosimi 2025-yil 13-mart kuni Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Marosim mehmonlari qatorida Hindistonning mashhur aktyori janob Abhishek Bachchan (hind kino afsonasi Amitabh Bachchanning o‘g‘li), taniqli kinorejissyorlar janob R. Balki, xonim Gauri Shinde hamda yosh va iste’dodli aktrisa Saiyami Kher ishtirok etdi. Bu ularning O‘zbekistonga ilk tashrifi bo‘ldi.
Marosimda Olimpiya chempioni Svetlana Osipova, Osiyo chempioni Ozoda Sobirjonova, Paralimpiya chempioni Naimova Guljanoi va Isokova Ziyodaxon, 25 nafar ayol deputatlar, jumladan Mavlyuda Xo‘jaeva, Gulrux Agzamova, Muxtarova Nazira, O‘zbekiston sport vaziri o‘rinbosari Makhmudov Shahrillo, O‘zbekiston xalq artisti va O‘zbekiston qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva, shuningdek, taniqli aktrisalar, kinoijodkorlar, san’at arboblari, diplomatik korpus vakillari va fuqarolik jamiyati a’zolari ishtirok etdilar.
Festivalning ochilish filmi sifatida 14-mart kuni soat 15:00 da "Ghoomer" namoyish etiladi.
Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi xonim Smita Pant kinofestivalning ochilishida mehmonlarni samimiy qutladi. U Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar, ayniqsa, kino va musiqa sohasidagi hamkorlikni alohida ta’kidladi. U san’at va madaniyat chegaralarni bartaraf etuvchi, madaniy tushunchalarni shakllantiruvchi kuch ekanligini ta’kidlab, Hindiston elchixonasi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan har yili xotin-qizlar mavzusiga bag‘ishlangan kinofestival o‘tkazishini e’lon qildi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori janob Shuxratulla Tursunovich Rizayev hind kinoijodkorlarini qutlab, O‘zbekiston kino industriyasi Hindiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. U ikki davlat kinoijodkorlari o‘rtasida hamkorlik va qo‘shma filmlar suratga olish imkoniyatlarini o‘rganish muhimligini ta’kidladi.
Janob Abhishek Bachchan o‘z nutqida Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi samimiy do‘stlikni alohida qayd etdi va ayollar hayotiga bag‘ishlangan filmlar jamiyatda o‘zgarishlarga turtki berishini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonda kinolar suratga olish imkoniyatlarini o‘rganish zarurligini bildirdi. Saiyami Kher O‘zbekiston xalqiga iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi. Janob R. Balki va xonim Gauri Shinde esa kelajakda O‘zbekistonda kino suratga olish imkoniyatlarini o‘rganish istagini bildirdilar. Ular Samarqand va Buxoroga tashrif buyurishlari rejalashtirilgan.
Tadbir davomida festival doirasida namoyish etiladigan filmlarning treylerlari ko‘rsatildi. Shuningdek, Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyat markazi talabalari, mashhur "Havas Guruhi" va "Bollywood Battle" guruhi ijrosida qiziqarli madaniy dasturlar namoyish etildi. Shuningdek, 2025-yil 1-4 may kunlari Mumbayda bo‘lib o‘tadigan World Audio Visual and Entertainment (WAVES) Summit haqida targ‘ibot videosi taqdim etildi.
Kinofestivalning dastlabki seansi 14-mart kuni soat 15:00 da Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida "Ghoomer" filmi bilan boshlanadi va 16-mart kuni yakunlanadi. Festival filmlariga kirish bepul.
Kinofestival namoyish jadvali
14-mart, 15:00 – "Ghoomer" (hind tilida, o‘zbekcha subtitr bilan)
15-mart, 11:00 – "Ayol zehni" (hind tilida, o‘zbekcha subtitr bilan)
15-mart, 15:00 – "Sadoqatli yor" (bengal tilida, o‘zbekcha subtitr bilan)
16-mart, 11:00 – "Ona" (o‘zbek tiliga dublyaj qilingan)
16-mart, 15:00 – "Thappad" (hind tilida, o‘zbekcha subtitr bilan)