“Green Dizel” MCHJ (IBR)ga sifatsiz benzin sotgani uchun moliyaviy jarima qo‘llanildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasiga “Green Dizel” MCHJ(IBR)ga tegishli AYOQSHdan AI-92 rusumli yoqilg‘i benzin quydirgan, natijada avtotransporti taʼmirtalab holatga kelgan fuqaro O.Sh. tomonidan yetkazilgan moddiy zararni undirilishida amaliy yordam so‘ralgan murojaat kelib tushdi.
Qo‘mita tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda murojaat o‘rganib chiqildi.
Xususan, mazkur MCHJdan AI-92 markali benzindan namuna sotib olinib, laboratoriya tahlilidan o‘tkazilganda mazkur mahsulotning sifatsiz ekanligi, jumladan, oktan soni 90,4 ekanligi, benzin aniqlangan 1-son qatordagi parametr bo‘yicha O‘zDst 3031-2015 davlat standarti talablariga mos kelmasligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Qo‘mitaning saʼy-harakati bilan fuqaro O. Sh.ga yetkazilgan moddiy zarar “Green Dizel” MCHJ tomonidan qoplab berilishi taʼminlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yib, sifatsiz benzin sotgan ushbu AYOQSHga nisbatan “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanilgan.