Gonkong va Oʻzbekiston oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar logistika va turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-avgust kuni Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Xitoyning maxsus ma’muriy hududi Gonkongda joylashgan JDB Group Limited kompaniyasi raisining o‘rinbosari Chan Man Xin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston, Gonkong hamda potensial xalqaro hamkorlar bilan aviatsiya sohasidagi istiqbolli loyihalar muhokama etildi.
Jumladan tomonlar Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekistonda xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish yuzasidan fikr almashdi.
Tomonlar logistika, turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan muntazam yo‘lovchi va yuk tashish aviareyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini batafsil ko‘rib chiqdilar. Ushbu jarayonda ustuvor hamkor-operator sifatida Hong Kong Airlines aviakompaniyasi taklif etildi.
Uchrashuvda muhokama etilgan yana bir muhim masala O‘zbekiston hududida xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish tashabbusi bo‘ldi. Akademiya xalqaro standartlar (shu jumladan FAA va IOSA) asosida uchuvchilar, texniklar, styuardessalar, yer usti xodimlari va aviatsiya menejerlarini tayyorlaydi.