Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Dunyoda har yili 92 million tonna to‘qimachilik sanoati chiqitlari chiqindi poligonlariga chiqarib tashlanadi.
Global miqyosida to‘qimachilik sohasi chiqitlarining 73 foizi yoqib yuboriladi yoki chiqindi poligonlariga ko‘miladi. Bu esa katta resurslar yo‘qotilishi va atrof-muhitning ifloslanishiga olib keladi.
Jahonda to‘qimachilik tarmog‘i chiqindilariniing faqat 13 foizigina u yoki bu usulda qayta ishlanadi, 1 foizdan kamrog‘i esa yangi kiyim-kechakka aylanadi.
Germaniyada har yili 1 mln. tonna to‘qimachilik chiqindilari to‘planadi. To‘plangan kiyim-kechakning taxminan 60 foizidan yana foydalaniladi, qolgani tozalash uchun ishlatiladigan materiallarni tayyorlash uchun qayta ishlanadi. Faqat 4 foizi ko‘miladi. O‘zbekistondachi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari kiyim-kechaklardan qayta foydalanish yoki aholi orasida ma’lum bo‘lgan “Second hand”ning yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, mamlakatda kiyim-kechaklarning saralanish va qayta ishlanish darajasini aniqlash maqsadida onlayn so‘rov o‘tkazmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar! Sizdan ushbu so‘rovda faol ishtirok etish va o‘z fikringizni bildirishingizni so‘raymiz.
So‘rovda qatnashish 2-3 daqiqa vaqtingizni oladi.
Siz bildiradigan fikr-mulohazalar kiyim-kechaklarni qayta ishlash va to‘qimachilik sanoatida sirkulyarlikni ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqishda ko‘mak beradi.