Valyuta kurslari 28/03/2025
$1 – 12913.19
UZS – 0,03%
€1 – 13908.80
UZS – -0,19%
₽1 – 154.17
UZS – 0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 27/03/2025 Germaniyada 400 nafar o‘zbekistonlik hamshira ishlamoqda

Germaniyada 400 nafar o‘zbekistonlik hamshira ishlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarimiz uchun yurtimizda zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ularning mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish choralari ko‘rilyapti. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa ayni shu maqsadda qabul qilingan.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Shveysariyaning “GLOBOGATE concept AG” kompaniyasi o‘zbekistonlik hamshiralarni Germaniya Federativ Respublikasidagi bo‘sh ish joylari uchun tanlash, o‘qitish va ishga qabul qilish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, mamlakatimizdagi malakali o‘rta tibbiyot xodimlari ushbu loyihalar doirasida Germaniyaning Axen universiteti klinikasi, Asklepios kasalxonalari, Enzkreis klinikalari, Brandenburg va Karsrue shaharlari klinikasi va Salus Altmark klinikalariga umumiy hamshiralik hamda psixiatrik hamshira sifatida ishlash uchun taklif etilyapti.

Bugunga qadar Migratsiya agentligi, “GLOBOGATE concept AG” tashkiloti hamda Germaniyaning yuqorida qayd etilgan tibbiyot muassasalaridan Axen universiteti klinikasi, Asklepios kasalxonalari va Enzkreis klinikalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sinov imtihonlaridan 400 nafar hamshiralarimiz muvaffaqiyatli o‘tib, ushbu mamlakatda tibbiy faoliyatini olib bormoqda.

Shuningdek, tanlovlarda saralangan yana 550 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ayni paytda o‘quv jarayonlarida ishtirok etyapti. Ularning 370 nafari umumiy hamshiralik yo‘nalishlarida, qolgan 180 nafari esa psixiatriya bo‘limlarida ishlash uchun tayyorlanmoqda.

Dastur doirasida yil so‘ngiga qadar 350 nafar o‘rta tibbiyot xodimini xorijda ishlash uchun tayyorlash va Germaniya klinikalariga yuborish rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling