Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Gender tengligi BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, inklyuziv va barqaror o‘sishga erishishning asosiy omili hisoblanadi.
U kambag‘allikni qisqartirish, tengsizlikni bartaraf etish va ijtimoiy farovonlikni oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu asnoda FAO aʼzo davlatlarni gender tengligi maqsadlariga erishishga qaratilgan siyosiy tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirishda, ayniqsa, mehnat resurslarining katta qismini ayollar tashkil etuvchi qishloq xoʻjaligi sohasida faol qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlardagi o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” GCP/UZB/020/GFF loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur loyiha doirasida “Hech kim ortda qolmasligi kerak” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda gender yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha Strategiya loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatni sifatli ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asosiy tamoyillarni muhokama qilish va yakdil xulosalar chiqarish uchun davlat organlari, akademik doiralar vakillari va gender tengligi sohasidagi ekspertlarni jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, loyiha mutasaddilari tomonidan kuni kecha ushbu strategiya muhokamasiga bag’ishlangan anjuman o’tkazildi. Unda muloqot, fikr almashish, hujjatni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlar belgilab olindi. Ta’kidlash joiz, ushbu hujjat barcha uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi resurslarini barqaror boshqarish hamda qaror qabul qilishda ayollar ishtirokini oshirishga qaratilgan. Mavjud gender to‘siqlarini kamaytirish, resurslardan, moliyalashtirish va ta’lim imkoniyatlaridan adolatli foydalanishni ta'minlashga yordam beradigan mexanizmlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
"2021-yilda Oliy Majlis Senati tomonidan gender strategiyasi qabul qilingan. Unda har bir vazirlik va tashkilot o'zining gender strategiyasini ishlab chiqishi taklif etilgan edi. Qishloq xo‘jaligi sohasida gender strategiyasining ishlab chiqilishi nima uchun muhim? Bilamizki, bugungi kunda yurtimizda qishloq aholisi umumiy aholining 48 foizidan ortig‘ini, shundan yarmidan ko‘prog‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. Qishloq joylarda yashaydigan ayollarning turmush tarzi ham, qiladigan mehnati ham og‘ir bo‘lishiga qaramay, ular aholimiz dasturxoniga ekologik toza mahsulotlarni yetkazib berishda juda faol. Gender strategiyasida ular uchun ish o‘rinlarining sifatini yaxshilash, shuningdek, moliyaviy va huquqiy bilimlarini oshirish masalalari o‘z aksini topgan." – deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Malika Qodirxonova tadbir mohiyati haqida so‘z yuritar ekan.
Strategiya loyihasi yetakchi milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi mutaxassislari ishtirokida tayyorlangan. “Barqaror rivojlanishni gender masalasini hisobga olmasdan turib amalga oshirish mumkin emas. Ma’lumki, ayollar qishloq xo‘jaligida asosiy rol o'ynaydi, ko'pincha ular chorvachilik, yig‘im-terim va yerga ishlov berish bilan shug‘ullanadi. Lekin ularning huquqlari va imkoniyatlari ko‘pincha cheklangan, shuning uchun yaylovlarda yer egalarining huquqlarini mustahkamlashda oqilona yondashuv bo‘lishi bu ayollar va erkaklar uchun resurslardan teng foydalanishni o‘z ichiga olishi kerak. Yer degradatsiyasi va tuproq eroziyasi ko‘rsatkichlari kabi mavzularni muhokama qilish juda muhim, negaki bu omillar qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligiga, qolaversa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda asosiy mas‘uliyat ko‘pincha ayollar zimmasida bo‘lgan oilalarning iqtisodiy farovonligiga bevosita ta’sir qiladi. Iqlim o‘zgarishi va yer degradatsiyasi mavjud tengsizlikni kuchaytirmoqda va shuning uchun ayollar uchun o‘zgarishlarga moslashish va yangi sharoitlarda muvaffaqiyatli ishlashga yordam beradigan vositalar va mexanizmlarni ishlab chiqish zarur”, - dedi FAO loyihasi bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov.
Shuningdek, tadbir doirasida ixtisoslashtirilgan tashkilot va boshqarmalar vakillari uchun yana bir seminar tashkil etildi. Ishtirokchilar tomonidan yaylovlarda yerga egalik qiluvchilarning huquqlarini mustahkamlash (VGGT) ahamiyati, shuningdek, neytral yer degradatsiyasi (LDN) ko‘rsatkichlari va tuproq eroziyasi, sho‘rlanishi hamda tuproqdagi organik uglerod ko‘rsatkichi (SOC) kabi omillarning ta’siri muhokama qilindi. Yaylovlardan oqilona foydalanish, ularni monitoring qilish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan tadqiqotlar, O‘zbekistonda yaylov xo‘jaligini raqamlashtirishga bag‘ishlangan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.