Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 26-noyabr kuni Germaniya Federativ Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Gamburg shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Germaniya Iqtisodiy palatasi rasmiy ochilish marosimida va birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Palataning birinchi majlisida yashil energetika, oziq-ovqat sanoati, logistika va ta’lim sohalarida faoliyat yurituvchi Germaniyaning yetakchi biznes vakillari ishtirok etdi hamda 20 dan ortiq nemis kompaniyalari palata a’zosi bo‘lish istagini bildirdi, bu esa Germaniya hamkorlarining O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalarga bo‘lgan katta qiziqishini namoyon qiladi.
Tadbir doirasida bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, 2025-yil yanvar oyida O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi forumini o‘tkazish. Forum doirasida Germaniyada mehnat faoliyati va amaliyot o‘tash uchun nemis tilini yaxshi biluvchi o‘zbek mutaxassislarini jalb qilish ko‘zda tutilgan. Forum kadrlar tayyorlash va kasbiy mobillik sohasidagi hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha muhim qadam bo‘ladi.
Shuningdek, kelasi yil Gamburgda Navro‘z bayrami nishonlanishini tashkil etish. Mazkur tadbirda O‘zbekiston-Germaniya iqtisodiy palatasi ham tashkilotchi sifatida ishtirok etadi. Tadbir O‘zbekistonning madaniyati, an’analari va turizm salohiyatini Germaniya Federativ Respublikasida targ‘ib qilishga qaratilgan.
Yangi tashkil etilgan tuzilma ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ishbilarmon doiralarning o‘zaro manfaatlarini ilgari surish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Palata tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 2023-yil sentyabr oyida qabul qilingan edi. Shu paytda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Gamburg Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida tegishli kelishuv imzolanib, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichiga poydevor qo‘yildi.