Fuqarolik jamiyati institutlari yanada qo‘llab-quvvatlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga keng jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda 2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining qabul qilinishi bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga mustahkam zamin yaratdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyati institutlari alohida bob sifatida kiritilib, fuqarolik jamiyati institutlari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilandi.
Prezidentimizning 2024-yil 26-avgustdagi tegishli Farmoni bilan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda ushbu Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyati institutsional va tashkiliy-huquqiy jihatdan tubdan isloh qilindi.
Oxirgi to‘rt yilda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarining 3 mingga yaqin loyihalari moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.
Ushbu qonun loyihasida amaldagi qonunchilik normalarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga moslashtirish, Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda uning hududiy bo‘linmalarining vazifalari, ularning davlat subsidiyasi, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish jarayonidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Fondlar faoliyatida ortiqcha tekshiruv va byurokratiya tartib-taomillarini kamaytirishga qaratilgan normalar kiritilyapti.
Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish va ijobiy baholangan loyihalar yuzasidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berish bo‘yicha davlat organi va nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.