Valyuta kurslari 27/06/2025
$1 – 12586.41
UZS – 0,44%
€1 – 14758.82
UZS – 1,52%
₽1 – 160.42
UZS – 0,38%
Qidirish
O‘zbekiston 26/06/2025 Fuqaro muhofazasiga oid muhim Bitimni ratifikatsiya qilish masalasi muhokama qilindi

Fuqaro muhofazasiga oid muhim Bitimni ratifikatsiya qilish masalasi muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2024-yil 6-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Bitim 2024-yil 6-noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasining Bishkek shahrida “Turkiy dunyoni kengaytirish: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik” shiori ostida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida ishlab chiqilgan va Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston tomonidan imzolangan.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi Tashkilotga aʼzo davlatlarning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida tabiiy ofatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va Tashkilot aʼzolarining soha yo‘nalishidagi do‘stona munosabatlarini mustahkamlashdan iborat.

Bitimda Tashkilotga aʼzo davlatlar fuqaro muhofazasi mexanizmi kuzatuvchi davlatlar va boshqa davlatlarning hududlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarda favqulodda ehtiyojlarni qondirish uchun birgalikdagi faoliyatni samarali tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Tashkilotga aʼzo davlatlarning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tabiiy ofatlar vaqtida tezkor qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi monitoring, tahlillar natijalarini hamda o‘zaro tajriba almashinuvini tizimlashtirish hamda o‘zaro yordam va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish kabi masalalarning huquqiy asoslari va mexanizmlari belgilangan.

Qonun bilan mazkur Bitimning ratifikatsiya qilinishi favqulodda vaziyatlar sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga va tabiiy ofatlarning oldini olish, prognozlash, monitoring va tahlil qilishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlar va holatlar sodir bo‘lganda boshqaruv va qidiruv-qutqaruv ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashishga imkon yaratadi.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling