Farg‘onada Rossiyaning “Sinergiya” korporatsiyasi bilan hamkorlikda raqamli kasblar kolleji ochiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada raqamli kasblar texnikumi tashkil etiladi Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Rossiyaning “Sinergiya” korporatsiyasi vitse-prezidenti Mixail Yerofeyev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda raqamli kasblar sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda Rossiyaning yirik taʼlim va innovatsion klasteri — “Sinergiya” korporatsiyasi faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi. Ushbu klaster 50 dan ortiq turli yo‘nalishdagi tashkilotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, taʼlim, texnologik resurslar, marketing, sotuv va o‘quv jarayonlarini boshqarish sohalarida katta tajribaga ega ekani taʼkidlandi.
Uchrashuvda yosh avlodni raqamli sohalarga yo‘naltirish, ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bog‘liq zamonaviy kasblarga o‘qitish orqali raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Farg‘ona shahrida “Sinergiya” raqamli kasblar texnikumini tashkil etish hamda ushbu texnikum bilan Rossiyadagi “Sinergiya” raqamli kasb-hunar texnikumi o‘rtasida ikki tomonlama diplom berish dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, muloqotda mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va o‘zaro hamkorlik chora-tadbirlarini belgilab olish bo‘yicha kelishib olindi.