Farg‘onada Germaniya mehnat bozori uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada Germaniya mehnat bozori uchun malakali mutaxassislar tayyorlash markazi tashkil etiladi Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning “Simson Private Akademie” kompaniyasi rahbari Maks Roymshusselni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida joriy yil iyul oyi boshida viloyat delegatsiyasining Germaniyaga qilgan amaliy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy bosqichiga o‘tish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida izchil rivojlanayotgan strategik hamkorlik, hududlar o‘rtasida aloqalarning faollashayotgani, xususan, mehnat migratsiyasi hamda malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar alohida taʼkidlandi.
Delegatsiyalar almashinuvi va anglashuv memorandumlari ushbu aloqalarni yana-da mustahkamlayotgani qayd etildi. Uchrashuvda viloyatimizda tajriba sifatida nemis modeli asosida kasb-hunarga o‘qitish markazi tashkil etish loyihasi muhokama qilindi.
“Simson Private Akademie” kasbiy taʼlim muassasasi dasturlari asosida metallga ishlov berish, elektromexanika va boshqa texnik sohalar bo‘yicha jahon mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislar tayyorlash, xalqaro ISO 9606 sertifikatini berish, shuningdek, ularni Germaniyada ishga joylashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, farg‘onalik yoshlar Germaniyada ishlashlari uchun kasbiy tayyorgarlik hamda til o‘rganish imkoniyatlari yaratilishi migratsiya sohasida hamkorlikning amaliy samarasi bo‘lishini taʼkidladi.
Markaz ochilishiga qadar Farg‘ona davlat universiteti qoshida yoshlarni nemis tiliga o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Uchrashuv yakunida loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.