Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Viloyat hokimligida Xitoyning “Zhongke Shangsheng New Energy Vehicle” kompaniyasi rahbari Li Min boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ma’lumki, ushbu kompaniya tomonidan viloyat hududida maxsus transport vositalari ishlab chiqarish hamda besh yulduzli mehmonxona qurish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotgan bo‘lib, bu borada qator kelishuvlar olib borilmoqda.Bugungi uchrashuvda ushbu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, bu galgi tashrifda Li Min xitoylik qurilish sohasida malakali hamkorlarini ham taklif qilganini qayd etib, ushbu yo‘nalishda istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritishga qiziqishayotganliklarini ma’lum qildi.
Viloyatda barpo etilayotgan qurilishlarga investitsiya kiritib, hamkorlikni yanada jadallashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov har bir bildirilgan takliflar viloyat uchun muhim ekanligiga urg‘u berib, kelgusida hamkorlik qilish va kerakli ko‘mak ko‘rsatilishini ma’lum qildi.