Valyuta kurslari 22/04/2025
$1 – 12909.64
UZS – -0,22%
€1 – 14908.05
UZS – 1,34%
₽1 – 159.75
UZS – 0,15%
Qidirish
Iqtisod 21/04/2025 Farg‘ona viloyati hokimi Xitoyning Shandun provinsiyasi bilan hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qildi

Farg‘ona viloyati hokimi Xitoyning Shandun provinsiyasi bilan hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyga tashrifi davomida Shandun provinsiyasi partqo‘mi rahbari Lin U bilan uchrashdi. Unda ikki hudud o‘rtasida hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yuqori dinamikada rivojlanib borayotganligi taʼkidlandi.

Shandun - Xitoyning qadimiy va ayni paytda eng jadal rivojlangan provinsiyasi, madaniy va falsafiy markazlaridan biri hisoblanadi.

Samimiy muloqot chog‘ida Shandun va Farg‘ona viloyati o‘rtasida hamkorlik aloqalari samarali yo‘lga qo‘yilganligi, bugungi uchrashuvlar doirasida ushbu hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganligi qayd etildi.

Farg‘ona viloyati tadbirkorlari bugungi kunda Shandun provinsiyasining Szinan, Dechjou, Szibo, Veyfan kabi shaharlari bilan intensiv aloqalarni olib borib, qiymati 500 mln dollardan ortiq qo‘shma loyihalar ustida ishlayotganligi maʼlum qilindi.

Shandun viloyati imkoniyatlaridan keng foydalanish, hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yana-da kengaytirish borasida takliflar bildirildi.

Shandun bilan zamonaviy texnologiyalar, elektrotexnika, to‘qimachilik, misni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, turizm, IT, kabi yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish aytib o‘tildi.

“Farg‘ona-Shandun yashil sanoat parki” ni tashkil etish, madaniyat kunlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.

Viloyat rahbari jadal hamkorlik va birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli kerakli natijalarga va istiqbolli loyihalarda katta muvaffaqiyatlarga erisha olishligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida bildirilgan masalalar va takliflar bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqilib, hamkorlikdagi ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Shandun provinsiyasi Szinan shahridagi sanoat zonasida joylashgan "Shandong Oubiao Information Technology Co., Ltd" kompaniyasining faoliyati bilan ham tanishdi.

Kompaniya 2014 yilda tashkil etilgan, suv xo‘jaligini “aqlli” boshqarish, qishloq xo‘jaligi uchun innovatsion texnologiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ilm, tajriba va ishlab chiqarish jarayonini qamrab olgan bo‘lib, Yaponiya, Janubiy Koreya, Veʼtnam va Qozog‘iston bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan Qishloq xo‘jaligida suvni to‘g‘ri taqsimlash, boshqarish kabi ko‘plab funksiyalarga ega texnologiyalar to‘liq raqamlashtirilgan, quyosh paneli bilan ishlaydi.

Viloyat rahbari kompaniya rasmiylari bilan mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar olib bordi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish va tejashda zamonaviy texnologiyalarni jalb etish muhimligini, bunda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni viloyat misolida tajribadan o‘tkazish va korxona ochish taklifi bildirildi.

Kompaniya vakillari viloyatimizga borib, imkoniyatlar bilan tanishish hamda hamkorlikda loyihalarni boshlashga kelishildi.

Shandun provinsiyasining Szinan shahrida “Yangi Ipak yo‘li ko‘prigi — Shandun va O‘zbekistonning hamkorlikdagi rivojlanishi” mavzusida Farg‘ona-Shandun biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat rasmiylari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiya hamda 150 nafarga yaqin shandunlik ishbilarmonlar ishtirokidagi forum ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘ldi.

Viloyat hokimi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichda davom etayotganligini, bu hududlararo hamkorlikni faollashishiga xizmat qilayotganligini taʼkidlab o‘tdi. Ayniqsa, Shandun provinsiyasidagi kompaniya va tadbirkorlar bilan viloyatimizda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani eʼtirof etildi. Barcha yo‘nalishlardagi tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirilib, ishbilarmon doira vakillarini Farg‘onaga taklif qildi.

Shandun Savdo-sanoat palatasi rahbari o‘rinbosari Sun Meyszyuy ikki hudud iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish xususida so‘z yuritdi.

Biznes forumda viloyatning investitsion imkoniyatlari va tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.

Forum davomida shandunlik ishbilarmonlar birgalikda amalga oshirish uchun o‘nlab turli soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan loyihaviy taklif va tashabbuslar taqdimotini o‘tkazdi.

Bundan tashqari, "Woerde Group" kompaniyasi Farg‘ona viloyatining bu yerdagi vakili etib tayinlanganligi maʼlum qilindi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shandun provinsiyasidagi yirik ishlab chiqarish tarmoqlariga ega "Woerde Group" kompaniyasi prezidenti Shan Syuemey boshchiligidagi ishbilarmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur kompaniya qurilish industriyasi, logistika, konsalting, turizm, madaniyat kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatadi, 43 ta korxonalarni o‘zida birlashtirgan.

Uchrashuvda kompaniya tomonidan olib borilayotgan ishlar, mahsulotlar taqdimot qilindi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu kabi klasterga ega korxonalar uchun Farg‘onada loyihalar amalga oshirishda qulay imkoniyatlar borligini bildirib, hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.

Uchrashuvda hamkorlik shartnomasi tuzilib, kompaniya vakillari bilan amaliy ishlarni boshlashga kelishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling