Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
Iqtisod 24/07/2025 Farg‘ona viloyati hokimi xitoylik investorlar bilan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi

Farg‘ona viloyati hokimi xitoylik investorlar bilan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Viloyat delegatsiyasining Xitoyga tashrifi samarali natijalar bermoqda Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “AVCiT technology holding” kompaniyasi vitse-prezidenti Ye Veyfey boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Joriy yilning aprel oyida viloyat delegatsiyasi Xitoyga qilgan amaliy tashrifi davomida bir qator nufuzli kompaniyalar bilan samarali kelishuvlarga erishgan edi.

Endi esa bu kelishuvlar asosida aniq amaliy ishlar boshlanib, viloyatimizda birgalikda qator loyihalarni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Uchrashuv chog‘ida texnopark tashkil etish, raqamlashtirish va energetika kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

“AVCiT” kompaniyasi xavfsizlik tizimlari va dasturiy taʼminot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ilg‘or texnologik kompaniya hisoblanadi. Muloqot davomida viloyatimizda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan taklif va loyihalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, “Guangzhou Victel Technology Co., Ltd” kompaniyasi vakili aloqa sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashib, maxsus tarmoq orqali ishlaydigan keng qamrovli simsiz baza stansiyalarini Farg‘onada tajriba tariqasida o‘rnatish, shuningdek, texnopark qurish loyihasini taqdim etdi.

Viloyat hokimi ushbu loyihalarning ahamiyatiga to‘xtalib, avvalo ularni namunaviy tarzda amalga oshirish, so‘ngra keng miqyosda joriy etish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, tegishli masʼullar biriktirilib, amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Uchrashuvda viloyat delegatsiyasining Xitoyga safari natijasida xitoylik investorlar tomonidan Farg‘onadagi investitsiya muhitiga qiziqish oshib borayotgani alohida qayd etildi.

Xususan, bir qator xitoy kompaniyalari maxsus sanoat zonalarida o‘z loyihalarini amalga oshirish niyatida ekani maʼlum qilindi. Ayniqsa, Xitoy kompaniyalaridan biri Farg‘onada tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, dastlabki bosqichda transformatorlar ishlab chiqarish loyihasi doirasida 5 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

Viloyat rahbari taqdim etilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, eng avvalo zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish muhim maqsadlardan biri ekanini alohida taʼkidladi.

Yakunda istiqbolli loyihalarni qisqa fursatlarda amalga oshirish, har bir ishlab chiqarish faoliyatini aniq reja asosida yo‘lga qo‘yish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling