FAO O‘zbekistonning pestitsidlar tahlili bo‘yicha laboratoriya salohiyatini kuchaytirish tashabbusini ilgari surdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning pestitsidlar sifatini nazorat qilish va ularning qoldig’i tahlili bo‘yicha laboratoriya salohiyatini kuchaytirish maqsadida milliy seminar tashkil qildi.
“Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi O‘zbekistonning barqaror va yashil iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilib kelinayotgan dasturning bir qismidir. Seminarning maqsadi mamlakat bo‘ylab davlat va xususiy laboratoriyalarning asosiy manfaatdor tomonlarini birlashtirgan takomillashtirilgan kimyoviy tahlil va monitoring tizimlari orqali aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston laboratoriya tarmog‘idagi muhim masalalar, xususan, asbob-uskunalarni modernizatsiya qilish, kadrlar tayyorlash va idoralararo hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirda turli davlat organlari, jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, shuningdek, xususiy sektor laboratoriyalari vakillari ishtirok etdi.
Ta'kidlash joizki, FAO tomonidan boshlang'ich laboratoriya baholashi o'tkazilganda natijalar shuni ko'rsatdiki, mamlakatda vazirliklar, akademik muassasalar va xususiy sektorda ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar tarmog'i mavjud bo'lsa-da, bu muassasalar muhim operatsion va strategik muammolarga duch kelmoqda, seminar ushbu to’siqlar muhokamasiga qaratildi. FAO loyihasi bosh texnik maslahatchisi Stiven Robinson ushbu tashabbusning strategik ahamiyatin haqida gapirar ekan, “O‘zbekiston pestitsidlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning muhim bosqichida.
Bizning tahlillarimiz shuni ko‘rsatadiki, laboratoriya infratuzilmasini strategik jihatdan mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligi va pestitsidlar qoldiqlarini tekshirish kabi kimyoviy tahlilning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli salohiyatni oshirish bilan birgalikda mamlakatning analitik-tahliliy imkoniyatlarini sezilarli darajada mustahkamlash imkonini beradi. Eng mustahkam poydevorga ega institutlarni aniqlash va ularga sarmoya kiritish orqali muvofiqlashtirish ehtiyojlariga xizmat qiladigan va qishloq xo‘jaligi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan mukammal markazlarni yaratishimiz mumkin. Bu yondashuv fermerlar, bozorlar va muvofiqlashtiruvchi organlarni bog‘lovchi yanada samarali va barqaror tizimni yuzaga keltirishga imkon beradi”- deya ta’kidladi.
Laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha xalqaro maslahatchi Upali Samarajiva esa “Xalqaro laboratoriya akkreditatsiyasiga o‘tish O‘zbekistonda pestitsidlar tahliliga yondashuvni tizimli ravishda o‘zgartirishni talab qiladi,” deydi. “Bizning baholashimiz organofosfatlar va xlororganik moddalarni asosiy muammolar sifatida aniqladi va ularni hal qilish nafaqat zamonaviy uskunalarni, balki to'liq sifat menejmenti tizimini talab qiladi. I
SO/IEC 17025:2017 standarti boʻyicha akkreditatsiya sinovdan oʻtgan analiz usullarini ishlab chiqish, sifatni qatʼiy nazorat qilish va mustahkam texnik tajriba yaratishni oʻz ichiga oladi. Bu asosiy sertifikatlashdan tubdan farq qiladi va barcha manfaatdor tomonlardan doimiy majburiyatlarni bajarishni talab qiladi. Laboratoriyalarda xalqaro miqyosda tan olingan standartlarni o‘rnatish orqali biz aholi salomatligini muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi eksportini qo‘llab-quvvatlash va ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun mustahkam poydevor yaratamiz”.
Texnik baholash O‘zbekiston laboratoriya sektori oldida turgan tizimli muammolarni ko‘rsatadi. Seminar davomida ta'kidlanganidek, aksariyat laboratoriyalar barqaror biznes modellarisiz hukumat tashabbusi sifatida tashkil etilgan, bu esa zarur materiallarni xarid qilish va malakali kadrlarni saqlab qolishda operatsion qiyinchiliklarga olib keldi. ISO 17025:2019 sertifikatiga ega bo'lishiga qaramay, ko'plab muassasalar moliyaviy va operatsion cheklovlar tufayli xalqaro akkreditatsiya standartlariga javob berishga qiynalmoqda.
Hozirgi vaziyat turli institutsional laboratoriyalar o'rtasidagi o'zaro murakkab ta'sirni ko'rsatadi. Vazirliklar tarkibidagi davlat organlari oziq-ovqat xavfsizligi, atrof-muhit monitoringi va pestitsidlar qoldiqlarini tahlil qilishga ixtisoslashgan. Shu bilan birga, xususiy va akademik laboratoriyalar ushbu sa'y-harakatlarni qishloq xo'jaligi va atrof-muhit yo’nalishlari bo'yicha tadqiqot va sifat nazorati ishlari bilan to'ldirib kelmoqda.
Baholashning asosiy natijalaridan biri laboratoriyalar oʻrtasida hamkorlikka nisbatan raqobatning keng tarqalganligi boʻlib, institutlar koʻpincha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish oʻrniga oʻz sohalarida eksklyuzivlikka intilmoqda. Bunday yondashuv eskirgan sanitariya me'yorlariga tayanish va texnik natijalarni fermerlarga yetkazishdagi muammolar bilan birgalikda soha miqyosida takomillashtirishga to'siqlar yaratdi.
Loyihaning milliy koordinatori Elmurod Nazarov rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi institutsional tuzilma haqida so’z yuritar ekan,“O‘zbekistonda pestitsidlarni samarali boshqarish butun institutsional tuzilma bo‘ylab to’xtovsiz muvofiqlashtirishni talab qiladi. Vazirlar Mahkamasining chiqindilarni boshqarish dasturlarini nazorat qilishdan tortib, Sog'liqni saqlash, Ekologiya, Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirliklari tomonidan ixtisoslashgan monitoringgacha, har bir agentlik ushbu murakkab ekotizimda muhim rol o'ynaydi.
Markaziy tahliliy nazorat xizmatining laboratoriya monitoringi Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasining aholi salomatligi nazorati bilan hamkorlikda ish olib boradi, O‘simliklar karantini va muhofazasi agentligi esa o‘simliklarni himoya qilish va ulardagi pestitsidlar qoldiqlarini kompleks tahlil qilish orqali qishloq xo‘jaligi xavfsizligini ta’minlaydi. Ushbu aloqalarni mustahkamlash va laboratoriya amaliyotimizni xalqaro standartlarga moslashtirish orqali biz atrof-muhit va inson hayotini himoya qilish uchun yanada mustahkam va integratsiyalashgan tizim qurishimiz mumkin. Sog‘liqni saqlash organlari, atrof-muhitni muhofaza qilish laboratoriyalari, universitetlar va xususiy sektor institutlari o‘rtasidagi hamkorlik ushbu keng qamrovli monitoring tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir” – deya tilga oldi.
Ishtirokchilar FAO tomonidan 2024-yil so‘ngida o‘tkazilgan keng qamrovli bazaviy baholash jarayoni bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardilar. Baholash jarayonida oziq-ovqat va atrof-muhitdagi pestitsidlar, o‘g‘itlar va qoldiqlarni tahlil qila oladigan laboratoriyalar o‘rganilgan edi. Ushbu baholash Xalqaro Savdo Markazining (ITC) laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish boʻyicha olib borayotgan ishlari bilan birgalikda Oʻzbekistonda laboratoriya salohiyatini oshirish boʻyicha strategik yoʻl xaritasini ishlab chiqish uchun qimmatli maʼlumot bilan ta’minlaydi. Laboratoriya operatsiyalarini o'zgartirish bo'yicha tavsiyalar, jumladan, operatsion xarajatlarni hisobga oladigan barqaror biznes modellarini ishlab chiqish, inson resurslarini rag'batlantirish (kadrlarni tayyorlash) va infratuzilmani takomillashtirish ham seminarning asosiy mavzusi bo'ldi.
Tashabbus eskirgan standartlardan xalqaro miqyosda tan olingan metodologiyalarga o‘tish, “Maqbul laboratoriya amaliyoti” (“Good Laboratory Practice”) va “5 Batch Analysis” (sifat nazorati va tarkibiy tahlil bo’lib, pestitsidlarning 5 ta partiyasini alohida-alohida tahlil qilishni nazarda tutadi) standartlarini joriy etishga yordam beradi. Asosiy e'tibor ilmiy yo’nalishni saqlab qolgan holda agrar sohada faoliyat olib boruvchilar uchun aniqlangan natijalarni to’g’ri talqin qilish tizimlarini ishlab chiqishga qaratilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar laboratoriyaning joriy faoliyati va istiqboldagi rivojlanish imkoniyatlari bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lishdi, shuningdek, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi laboratoriyasiga ekskursiya uyushtirildi.