Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Erondagi elchisi Fariddin Nasriyev 31 gektar maydonda joylashgan Eronning yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari logistika markazi va eksport terminali «Romak Co.»ga tashrif buyurdi.
Markaz sitrus mevalarini saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, har yili 4 million tonna mahsulotni qayta ishlaydi. U Iroq, BAA, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qiladi.
Uchrashuv davomida markaz direktori Rizo Gandji bilan O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni mamlakatning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish salohiyati haqida ma’lumot taqdim etdi. Investitsiyaviy hamkorlik, jumladan, O‘zbekistonda zamonaviy logistika markazi yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Eron tomoni sitrus mevalarini yetishtirish va saqlashdan tortib, ularni qadoqlash va eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Bu kelishuv O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori rivoji va eksport bozorlarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.