Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hindistonning Mumbay shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi qo‘shma ishchi yig‘ilishida Eron, Hindiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston vakillari Chobahor porti orqali savdo operatsiyalari va tovarlarni tranzit qilish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda Hindistonning Portlar, dengiz transporti va suv yo‘llari vazirligi, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Eron elchilari, shuningdek, hindistonlik diplomatlar ishtirok etdi.
Muloqotda transport tarmog‘i imkoniyatlari, uning infratuzilmasi va ushbu sohadagi mavjud to‘siqlar muhokama qilindi.
Uchrashuv kun tartibida Chobahor porti orqali tijorat operatsiyalarini yengillashtirish uchun zarur chora-tadbirlarni joriy etish taklifi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ishchi yig‘ilish davomida mazkur strategik port orqali tovarlarni tashish va tranzit qilish masalalari muhokama qilindi.