Eron AQSH zarbalariga javoban Hurmuz bug‘ozini yopishi mumkin
Surat: Pexels / İrfan Simsar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Eron rasmiylari dunyo neft tashuvining eng muhim yo‘laklaridan biri bo‘lgan Hurmuz bug‘ozini to‘liq yopish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (KSIR) dengiz kuchlari qo‘mondoni, kontr-admiral Alireza Tangsiri maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, bug‘oz 23 iyunning o‘zida, bir necha soat ichidayoq yopilishi mumkin.
Bu tahdid AQSH tomonidan Eronning strategik yadroviy obyektlariga amalga oshirilgan havo zarbalaridan so‘ng yangradi. KSIR vakili qayd etdiki, agar mamlakat suverenitetiga hujumlar davom etsa, Eron “bug‘ozni to‘liq yopishga majbur bo‘ladi”.
Aytolla Ali Xameneining maslahatchisi Husayn Shariatmadari o‘z navbatida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kemalari uchun Hurmuz bug‘ozini darhol yopishga chaqirdi.
Eron parlamenti ham AQSH qo‘shinlari tomonidan yadroviy obyektlarga berilgan zarbalardan so‘ng bug‘ozni yopish zarur deb hisoblamoqda. Yakuniy qarorni mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi qabul qilishi kerak.
Xalqaro navigatsiya xizmatlari maʼlumotlariga ko‘ra, AQSH havo zarbalaridan so‘ng 50 dan ortiq dengiz kemasi Hurmuz bug‘ozi akvatoriyasini shoshilinch tark etgan — vaziyat keskinlashuvidan qo‘rqib.
Hurmuz bug‘ozi — strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Fors va Ummon dengizlarini bog‘laydi. U orqali har kuni dunyoda ishlab chiqariladigan neftning taxminan 3 foizi va Fors ko‘rfazidan eksport qilinadigan neftning 90 foizidan ortig‘i o‘tadi. Bu davlatlar — Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Iroq, Eron va Bahrayn uchun hayotiy ahamiyatga ega.
Mutaxassislar fikricha, hatto Hurmuz bug‘ozida tankerlar harakatining qisman cheklanishi ham jahon neft narxining 110–130 dollargacha ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
Vortexa tadqiqot kompaniyasi maʼlumotlariga ko‘ra, Hurmuz bug‘ozi orqali eng ko‘p neft eksport qiluvchi davlat — Saudiya Arabistoni bo‘lib, bu ko‘rsatkich kuniga 6 million barrelga yetadi. Boshqa yirik isteʼmolchilar qatorida — Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSH bor. AQSH bu yo‘nalish orqali har kuni taxminan 700 ming barrel neft oladi, bu ularning umumiy import hajmining 11 foiziga va benzin isteʼmoli hajmining 3 foiziga teng.
Transport blokadasi ehtimoli fonida Turkiya allaqachon alternativ yo‘nalishlarni amalga oshira boshladi. Mamlakat transport vaziri Abdulqodir Uralog‘lu “O‘rta yo‘lak” va “Rivojlanish yo‘li” loyihalari haqida eslatib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishlar orqali yuklarni Hurmuz bug‘ozini chetlab o‘tib Yevropaga yetkazish mumkin.
Dastlabki baholarga ko‘ra, “Rivojlanish yo‘li” loyihasi to‘liq ishga tushgandan so‘ng yuklarni yetkazish muddati 25 kungacha, “O‘rta yo‘lak” orqali esa 13 kungacha qisqaradi. Bu esa logistikadagi xatarlar va dengiz tashuvlariga bo‘lgan yuklamani sezilarli kamaytiradi.