Valyuta kurslari 29/01/2025
$1 – 12974.98
UZS – 0,09%
€1 – 13540.69
UZS – -0,42%
₽1 – 133.06
UZS – 0,24%
Qidirish
Iqtisod 27/01/2025 Energetika vazirlari uchta mamlakatning «Qambarota-1» GES qurilishi loyihasini muhokama qilmoqda

Energetika vazirlari uchta mamlakatning «Qambarota-1» GES qurilishi loyihasini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 27-yanvar kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Qirgʻiz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev va Qozogʻiston Respublikasi energetika vaziri oʻrinbosari Sungat Yesimxanov hamda Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda, shuningdek, Jahon banki vakillari, jumladan, Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktor Tatyana Proskuryakova, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha strategiya va operatsiyalar direktori Karolina Sanches-Paramo hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining infratuzilma boʻyicha mintaqaviy direktori Charlz Kormye ishtirok etdi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi Qirgʻiz Respublikasidagi uch davlat tomonidan birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan amalga oshirilayotgan muhim mintaqaviy loyiha – “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini yanada rivojlantirish boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov yigʻilish ishtirokchilarini qutlar ekan, mamlakat hukumati ushbu strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihani amalga oshirishda har tomonlama koʻmak berishga tayyor ekanini tasdiqladi.

“Biz «Qambarota-1” GES qurilishi loyihasi ishtirokchilarini Toshkentda uch tomonlama uchrashuv doirasida qabul qilishdan mamnunmiz. Ushbu loyiha butun Markaziy Osiyo uchun katta manfaatlar keltirishi, mintaqaviy energetik xavfsizlikni mustahkamlashi, “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirishi va suv resurslaridan foydalanishni yaxshilashiga ishonamiz», — dedi Joʻrabek Mirzamahmudov.

Qirgʻiz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasi xalqaro moliyaviy institutlar va taraqqiyot boʻyicha sheriklarning katta qiziqishini uygʻotganini taʼkidladi.

“Qirgʻiz Respublikasida biz «Qambarota-1” GES qurilishini “asr loyihasi” deb ataymiz, chunki u mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi va butun Markaziy Osiyoning uzoq muddatli taraqqiyotiga yordam beradi. Toshkentdagi bugungi davra suhbati 2024-yilda Vena, Bryussel va Vashingtonda boʻlib oʻtgan uchrashuvlarning davomidir. Ushbu muloqotlar loyihani muvofiqlashtirish va tezlashtirish, shuningdek, zarur xalqaro qoʻllab-quvvatlashni jalb etish uchun xizmat qiladi», — dedi Taalaybek Ibrayev.

Qozogʻiston Respublikasi energetika vaziri oʻrinbosari Sungat Yesimxanov uch mamlakatda mavjud siyosiy iroda va loyihani birgalikda amalga oshirish zarurati haqida yagona tushuncha borligini alohida qayd etdi.

“Bugungi davra suhbati suv-energetika sohasida kuchayib borayotgan mintaqaviy hamkorlikni yana bir bor tasdiqlaydi. Biz birgalikda nafaqat «Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshiramiz, balki mintaqamizda uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlaymiz va mamlakatlarimizning kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishini ham ragʻbatlantiramiz», — dedi Sungat Yesimxanov.

Oʻzbekiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi hukumatlari “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasi boʻyicha tayyorgarlik koʻrish hamda uni moliyalashtirishda koʻmak soʻrab Jahon bankiga murojaat qilishdi. Hozirgi vaqtda Jahon banki tomonidan texnik yordam doirasida “Qambarota-1” GES loyihasi uchun texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda. Bu ushbu loyihaning texnik, iqtisodiy, moliyaviy, ekologik va ijtimoiy jihatlarini baholashni, shuningdek, uning keyingi amalga oshirilishi uchun zarur boʻlgan boshqa asosiy tadbirlar hamda tadqiqotlarni qamrab oladi.

Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova shunday dedi: “Jahon banki uch mamlakat hukumatlarining mintaqada barqaror energetik kelajakni taʼminlash, iqtisodiy oʻsishni tezlashtirish va fuqarolar turmush darajasini oshirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashdan mamnun. Biz «Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha texnik yordam koʻrsatishni davom ettiramiz. Rivojlanish boʻyicha boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda loyihani hayotga tatbiq etish uchun zarur moliyaviy resurslarni jalb etish ustida ishlayapmiz».

Uchrashuv doirasida tomonlar “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha asosiy tamoyillar yuzasidan kelishib oldilar. Loyihani roʻyobga chiqarishning asosiy bosqichlari belgilab olindi hamda uni amalga oshirish sxemasi tasdiqlandi. Shuningdek, vazirlar darajasidagi muloqotlarni muntazam davom ettirish hamda xalqaro donorlarni jalb qilish orqali hamkorlikni taʼminlash va loyihani barqaror ravishda ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling