Valyuta kurslari 14/03/2025
$1 – 12938.11
UZS – 0,14%
€1 – 14076.66
UZS – -0,18%
₽1 – 149.99
UZS – 0,31%
Qidirish
O‘zbekiston 14/03/2025 Elektron sigaretalar muomalasi taqiqlanmoqda

Elektron sigaretalar muomalasi taqiqlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-mart kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Unda senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga baʼzi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yana-da kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi o‘rtasida, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan tamaki mahsulotlarining tarqatilishini va isteʼmol qilinishini cheklash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘paymoqda.

Bu kabi aholi salomatligiga, ayniqsa bolalar va yoshlar sog‘ligiga xavf tug‘diruvchi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida mazkur Qonun ishlab chiqilgan bo‘lib, Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Agarda ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan taqdirda, mazkur shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shuningdek Qonun bilan tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish va ishlab chiqarish uchun ham maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan Qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishi bilan birga millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shundan so‘ng majlisda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Ombudsman instituti tomonidan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash, qiynoqqa solish holatlarining oldini olish, inson huquqlari sohasida aholining huquqiy madaniyatini oshirish, shuningdek davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy institutlar bilan hamkorlik yo‘nalishlarda qator ishlar amalga oshirilgan.

Muhokamada senatorlar tomonidan Ombudsmanga 2024-yilda kelib tushgan murojaatlar soni oldingi yilga nisbatan 25 foizga oshganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ayniqsa, ijtimoiy sohaga taalluqli murojaatlar soni 2023-yilga nisbatan keskin ravishda, yaʼni 82 foizga oshganligi tashvishlanarli ekanligi qayd etildi.

Bundan tashqari, fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalarida Ombudsman tomonidan fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab sudlarga berilgan ariza va daʼvolar, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash bo‘yicha tashkilotlar va mansabdor shaxslarga kiritilgan Ombudsmanning taʼsir choralarini ko‘rib chiqish natijadorligi muhokama qilindi.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Ombudsmanga ijtimoiy sohaga taalluqli bo‘lgan murojaatlarni tahlil qilish orqali yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olish hamda bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, bunda Ombudsmanning taʼsir choralaridan samarali foydalanish, shuningdek qonunchilik tashabbusidan kengroq foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha senatorlarning munosabatidan kelib chiqib, Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling