Eldor Shomurodov rasman «Istanbul Bashakshehir»ga o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov rasman klubini almashtirdi — u Italiyaning “Roma” jamoasini tark etdi va faoliyatini Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubida davom ettiradi. Bu haqda har ikki jamoa matbuot xizmati maʼlum qildi.
Mashhur insayder Fabritsio Romano maʼlumotiga ko‘ra, o‘tish jarayoni majburiy sotib olish sharti bilan ijara asosida amalga oshirilgan: Istanbul klubi vaqtinchalik transfer uchun 3 million yevro, ijara yakunlangandan so‘ng esa yana 2,7 million yevro to‘laydi. Shuningdek, kelishuvda keyinchalik futbolchini sotishdan “Roma” 10 foiz ulush olishi belgilangan.
Yangi klub bilan 30 yoshli o‘zbekistonlik hujumchi 2 yillik shartnoma imzolaydi, keyinchalik yana 1 yilga uzaytirish imkoniyati bor.
Shomurodov 2021 yili “Roma”ga o‘tgan va rimliklar safida 85ta o‘yin o‘tkazib, 13ta gol urgan. Uning Liga konferensiyalaridagi “Trabzonspor”ga qarshi o‘yindagi debyut goli eng esda qolarli vaziyatlardan biri bo‘lgan — bu gol g‘alabani taʼminlagan va keyinchalik klubning ushbu turnirdagi zafarli yo‘lini boshlab bergan.
2023 yil yanvar oyida u “Spetsiya”ga ijara asosida o‘tgan, keyingi 2023/2024 mavsumida esa Klaudio Ranyeri boshqaruvidagi “Kalyari” jamoasida to‘p surdi.
Italiya klubi bilan xayrlashar ekan, Eldor Shomurodov ijtimoiy tarmoqlarda samimiy murojaat eʼlon qildi:
«‘Roma‘ bilan xayrlashish vaQti keldi. Bu klub menga unutilmas xotiralar, gollar, kurash va o‘ziga xos onlarni sovg‘a qildi. Bu formada to‘p surish men uchun sharaf bo‘ldi. Har bir daqiqa, har bir gol va har bir saboq uchun minnatdorman. ‘Roma‘ mening qalbimda abadiy qoladi».
O‘z navbatida, “Roma” klubi ham Eldorga minnatdorchilik izhor qildi va yangi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Eslatib o‘tamiz, «Istanbul Bashakshehir» jamoasi o‘tgan mavsum Turkiya chempionatini beshinchi o‘rinda yakunlab, yevrokuboklarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.