Ekologik ekspertiza jarayonlari takomillashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholi punktlarining sanitariya va ekologik holatini yaxshilash, ekologik ekspertizani takomillashtirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq ekologik ekspertizaga oid amaldagi huquqiy hujjatlar tarqoq, qator normalar havola xususiyatga ega, sohani tartibga solishning xalqaro talablarga mos bo‘lgan huquqiy mexanizmlari esa joriy etilmagan.
Bu esa, o‘z navbatida, bugungi kunning muhim masalalaridan bo‘lgan xalqaro investorlarning kirib kelishiga, mamlakat imijiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Muhokama davomida senatorlar amaldagi qonun normalarini tizimlashtirish, jarayonlar ketma-ketligini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishini taʼkidladi.
Qonunda ekologik ekspertizaning, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholashning tushunchalari, maqsadlari, asosiy prinsiplari, maxsus vakolatli davlat organi hamda uning vakolatlari, ekologik ekspertizaning turlari, obyektlari, subyektlari, ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va rasmiylashtirish masalalari aks etgan.
Shuningdek, atrof-muhitga taʼsirni baholashda jamoatchilikning ishtiroki haqidagi normalar ham belgilanmoqda.
Strategik loyihalarning atrof-muhitga taʼsirini baholash tizimini qabul qilingan xalqaro normalarga moslashtirish maqsadida strategik ekologik baholash tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarning qulay atrof-muhitga va bu haqida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqini taʼminlashga xizmat qiladi, ekologik ekspertiza xulosasini berish tartib-taomillarini samarali va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soluvchi normalar amaliyotga kiritilishiga asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, xorijiy investor va tadbirkorlar uchun ishonchli hamda shaffof ekologik baholash tizimi taʼminlanib, jozibador investitsiya muhiti yaratiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.