ECMT bilan muzokaralar: O‘zbekiston xalqaro yuk tashish ruxsatnomalari tizimiga integratsiyaga tayyorlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 17-aprel kuni Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov Xalqaro transport forumi huzuridagi ECMT (European Conference of Ministers of Transport – Transport vazirlari Yevropa konferensiyasi) avtomobil transporti guruhi rahbari Yustas Rasomavishus bilan muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekistonning ECMT ko‘p tomonlama ruxsatnomalar tizimiga qo‘shilishi tashkilotga a’zo 43 ta davlat bilan avtomobilda yuk tashuvlarini bajarish uchun almashiladigan ko‘p tomonlama ruxsatnomalar asosida ikki tomonlama va tranzit tashishlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonning ECMT ko‘p tomonlama ruxsatnomalar tizimiga qo‘shilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Yustas Rasomavishus yangi mamlakatlarni ECMTning ko‘p tomonlama ruxsatnomalar tizimiga qabul qilish bo‘yicha rezolyutsiyani tasdiqlash jarayoniga to‘xtalib, dastlab kuzatuvchi maqomini olish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston transport tizimini ECMT talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha kelgusidagi qadamlarni belgilab, hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.