Dubayda bo‘lib o‘tayotgan World Governments Summit xalqaro forumida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11–13-fevral kunlari Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon hukumati sammiti (World Government Summit) xalqaro anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi qatnashmoqda.
Mazkur anjuman hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor rahbarlari, davlat arboblari hamda soha ekspertlari ishtirokida davlat boshqaruvi va davlat xizmatining rivojlanish istiqbollari, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda sun’iy intellektning o‘rni, davlat boshqaruvidagi muammolarga innovatsion yechimlar yuzasidan takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.
Ushbu anjumanda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi hamda anjuman doirasida tashkil etilgan “Is the World Ready for the Next Wave of Digital Disruption?” (Dunyo raqamli inqilobning yangi to‘lqiniga tayyormi?) sessiyasida nutq so'zladi.
Ushbu sessiyada butun dunyo bo‘ylab hukumatlarning texnologiyalar yordamida innovatsiyalarni rivojlantirish, davlat xizmatlarini yaxshilash va barqaror jamiyatlar yaratish borasidagi yondashuvlar muhokama qilindi.
Panelda muvaffaqiyatli tajribalar, hamkorlik yondashuvlari va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha strategiyalar tahlil qilinib, bu jarayonda raqamli boshqaruvning transformatsion imkoniyatlari va barqaror rivojlanish yo‘lida raqamli texnologiyalarning roliga e’tibor qaratildi.
Butunjahon hukumati sammiti 2013-yildan beri har yili BAA vitse-prezidenti va Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum shafeligida o‘tkazib kelinadi.
Shunindek, Sherzod Shermatov Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon hukumati sammiti (World Government Summit) xalqaro anjumani doirasiga tashkil etilgan “Tech-Gov Alliance: Building Smarter Futures” sessiyasida qatnashdi.
Ushbu sessiyada hukumat va texnologiya sohasidagi hamkorliklarning rivojlanishi tahlil qilindi. Muhokamada sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va bulut texnologiyalari yordamida davlat xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalar ko‘rib chiqildi.
Panel ishtirokchilari ushbu texnologiyalarning samaradorlik, shaffoflik va fuqarolar bilan o‘zaro aloqani yaxshilashdagi rolini muhokama qildilar.
Mazkur muhokamada texnologiyalar va davlat boshqaruvi o‘zaro integratsiya qilinishi orqali aqlli va samarali davlat xizmatlari shakllanishi va raqamli hukumat kelajagi qanday bo‘lishi haqida masalalar tahlil qilindi.