Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) – AQSH prezidenti Jo Bayden 21-iyul kuni yangi prezidentlik muddati uchun kurashmasligini ma’lum qildi. Bu haqdagi xabar uning X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq tvitter) akkauntida paydo bo‘lgan.
«Sizning prezidentingiz sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharaf bo‘ldi. Men qayta saylanish niyatida bo‘lgan bo‘lsam-da, hisoblaymanki, o‘z partiyam va mamlakatim manfaatlari uchun chekinishim va qolgan muddat davomida faqat prezidentlik vazifamni bajarishga e’tibor qaratishim kerak deb hisoblayman», — deyilgan Baydenning amerikaliklarga maktubida.
Jo Bayden Demokratik partiyadan vitse-prezident Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif etgan. «2020-yilda [Demokratik] partiya nomzodi sifatidagi ilk qarorim Kamala Harrisni vitse-prezident sifatida tanlash bo‘lgandi.
Bu mening eng yaxshi qarorim edi. Bugun men Kamalaning bu yilgi saylovda partiyamizdan nomzod bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashim va ma’qullashimni bildirmoqchiman», — degan Bayden. Eslatib o‘tamiz, AQSHda saylovlar 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.