Valyuta kurslari 22/08/2025
$1 – 12413.79
UZS – -0,42%
€1 – 14468.27
UZS – -0,34%
₽1 – 154.86
UZS – -0,36%
Qidirish
O‘zbekiston 19/08/2025 Deputatlar mansabdor shaxslarning xatolari tufayli fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqdilar

Deputatlar mansabdor shaxslarning xatolari tufayli fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqdilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda davlat organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash yagona qonunchilik hujjati bilan tartibga solinmagan. Xususan, bugungi kunda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash 10 dan ortiq qonunlar va qonun osti xujjatlari bilan tartibga solinadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, Toshkent shahrida zararlar fuqaro (yuridik shaxs)larga kompensatsiya jamg‘armalari hisobidan, boshqa hududlarda mahalliy budjet mablag‘laridan undirib berilgan. Shuningdek, yetkazilgan zararlar uchun kompensatsiya undirish, shu jumladan, zararni qoplashning regress tartibi qonun hujjatlari bilan aniq ochib berilmagan.

Mazkur qonun loyihasi bilan yetkazilgan zararning o‘rnini kompensatsiya qilish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan qoplab berilgan mablag‘larni keyinchalik aybdor, deb topilgan davlat organining mansabdor shaxsidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish, hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilanmoqda.

Ya’ni, loyihaga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rnini qoplashda yagona amaliyot yo‘lga qo‘yilib, yetkazilgan zarar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy kompensatsiya jamg‘armalaridan qoplanadi. Keyinchalik aybdor shaxsdan tegishli davlat organi orqali regress tartibida undirib olinadi.

Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar, taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, yanada takomillashtirilgani ta’kidlandi. Ayrim normalardagi nomuvofiqliklar bartaraf etilib, asosiy tushunchalar yuridik texnik jihatdan tahririy qayta ko‘rib chiqilgani urg‘ulandi.

Qayd etilganidek, ushbu hujjat fuqarolarning davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash hamda aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishni nazarda tutadi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling