Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir qator vakolatlar berilmoqda. Ya’ni, tuzni va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashda ishlatiladigan yod preparatlari tarkibi, ularga qo‘yiladigan talablar, tuzni va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash, tuzni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotishga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
Shuningdek, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, ishlab chiqarilishi, saqlanishi, olib kirilishi hamda realizatsiya qilinishi nazoratini olib boradi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholini endemik buqoq kasalligining oldini olish maqsadida profilaktik tadbir to‘laqonli amalga oshiriladi, aholining ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan sifatli va xavfsiz bo‘lgan osh tuzi bilan ta’minoti to‘liq qoplanadi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.