Valyuta kurslari 02/04/2025
$1 – 12925.20
UZS – -0,09%
€1 – 13982.48
UZS – 0,32%
₽1 – 152.58
UZS – -1,27%
Qidirish
Madaniyat 01/04/2025 Davlat rahbarlari qo‘shma konsertda ishtirok etdilar

Davlat rahbarlari qo‘shma konsertda ishtirok etdilar 

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch mamlakat madaniyat va san’at ustalarining konsertida qatnashdilar.

Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida birodar xalqlarni bahoriy yangilanish bayrami Navro‘z va muborak Ramazon hayiti bilan chin dildan qutladi.

- Bugun xalqlarimiz uchun haqiqatan ham katta va uzoq kutilgan bayram. Biz uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi haqidagi tarixiy shartnomani imzoladik. Bundan buyon chegaralar – birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir, - dedi Prezident.

Xalqlarimizning muqaddas tuprog‘i, dini, taqdiri bir, tashvish-u quvonchlari, intilishlari o‘xshash ekani ta’kidlandi. Endi bu go‘zal zaminni bugungi va kelajak avlodlar munosib va baxtli yashashi uchun birgalikda obod qilish bizning burchimizdir.

Keyingi yillarda umumiy siyosiy iroda tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda ulkan ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi.

Bugun O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma kuchga kirdi. Yaqin kunlarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ham shunday hujjat imzolanadi.

Savdo, investitsiyalar, yuk tashish, fuqarolarning bordi-keldisi izchil ko‘payib bormoqda. Muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda.

Bugungi muzokaralarda ishbilarmonlik va madaniy almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar sonini ko‘paytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

Madaniy tadbirlar, ijodiy festivallar, yoshlar forumlari, sport musobaqalarini muntazam o‘tkazib borishga alohida e’tibor qaratildi.

- San’at chegara bilmaydi, uning buyuk vazifasi odamlarni birlashtirish. Uch mamlakatning iste’dodli san’at ustalari ijrosidagi bugungi konsert ham madaniyatlarimizning boyligi, rang-barangligi va mushtarakligini yana bir bor namoyish etadi, - dedi so‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling