“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Majlisda Qo‘mita aʼzolari, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muhokama jarayonida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida qator ijobiy yutuqlarga erishilgan. Mazkur Qonun sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning maqsadi davlat ijtimoiy sug‘urtasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha munosabatlarning yuzaga kelishi holatlari, sug‘urta hodisalari va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar, sug‘urtalangan shaxslar, sug‘urtalovchi, sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish kabi qator masalalar o‘z aksini topgan.
Qizg‘in bo‘lib o‘tgan muhokama jarayonida majlis ishtirokchilari Qonunning ayrim normalari bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga qator savollar berdi.
Majlis yakunida Qo‘mitaning yakuniy xulosasi tayyorlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.