Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida “DHMT GLOBAL” xorijiy korxonasining “Ochiq eshiklar kuni" tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Koreya Respublikasining “DH MEDIA TECH” kompaniyasi negizida tashkil etilgan “DHMT GLOBAL” MChJ xorijiy korxonasi 2024-yil dekabr oyida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki rezidenti sifatida o‘z faoliyatini boshladi. Korxona O‘zbekistonda ilk bor import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi audio tizimlar va ovoz kuchaytirish moslamalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
“DH MEDIA TECH” kompaniyasi 1994-yildan buyon “Komt” brendi ostida audio tizimlar, jumladan, mikrofon, kolonka, ovoz kuchaytirish moslamalari, audio miksherlar, konferensiya tizimlari, audio ekvalayzerlar, DJ va ovoz yozish uskunalari, radio tizimlar kabi o‘ndan ortiq mahsulotlar ishlab chiqaradi.
Bugungi kunda loyiha doirasida 2 mln AQSH dollari qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi va 30 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Mamlakatimizda ilk bor mahalliy brend ostida audio tizimlar – mikrofon, kolonka, ovoz kuchaytirish moslamalari kabi bir qator yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
“Ochiq eshiklar kuni”ga idora va tashkilotlarning audio tizimlar bilan shug‘ullanuvchi vakillari hamda tadbirkorlik subyektlari taklif qilindi. Tadbir doirasida taklif etilganlar korxona tomonidan import o‘rnini bosuvchi audio tizimlar ishlab chiqarish texnologik jarayonlari bilan tanishtirildi, shuningdek, taqdimotlar o‘tkazildi.