Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi Britaniyaning Pro-Force Limited va HOPS Labour Solutions Ltd ishga qabul qilish agentliklari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Muzokaralar natijasida yangi mavsumda Buyuk Britaniyaning qishloq xoʻjaligi sektoriga oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarini jalb qilish masalasi muhokama qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, Pro-Force Limited vakillarining 2025-yil fevral oyida Toshkentga tashrifi kelishib olindi.
Reja boʻyicha agentlik tanlab olingan 3 ming nafar nomzodni bosqichma-bosqich Buyuk Britaniyada ishga joylashtirish bilan shugʻullanadi.
Bundan tashqari, HOPS Labour Solutions Ltd agentligi Oʻzbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda mehnat muhojirlarini onlayn test sinovlaridan oʻtkazadi. Bu esa saralash jarayonini yengillashtirishga yordam beradi.