Buxoroda sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 y.t. fuqaroning yashash xonadoni hamda unga aloqador bo‘lgan avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, “Imudon”, “Serebrolizin”, “Dofamin”, “Maaloks” kabi jami 78 nomdagi 978 quti sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, Buxoro shahrida yashovchi, 1962 y.t. shaxs uning jinoiy sherigi ekanligi aniqlandi.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xulosasiga ko‘ra ushbu dori vositalarining 32 nomdagisi davlat reyestrida qayd etilmaganligi, 57 nomdagisiga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi,
6 nomdagisi sifatsizligi hamda 4 nomdagisi qalbakilashtirilganligi, shuningdek, saqlash sharoitlariga amal qilinmaganligi sababli, ularni mamlakatimizda sotish, saqlash va amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.
Holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,186 prim 3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, agarda ushbu dori vositalari to‘xtatib qolinmaganida, ular Buxoro shahri, Shofirkon, Peshku va Romitan tumanlaridagi dorixonalar orqali sotuvga chiqib ketgan bo‘lar edi.