Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Global ekologik jamg’arma (GEF) tomonidan amalga oshirilgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Loyihaning yakunlovchi seminari Buxoroda tashkil etilib, unda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti vakillari va oltita ishtirokchi davlatning texnik ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralari vakillari qatnashdilar. Seminar doirasidagi asosiy sessiyalar loyihaning asosiy natijalari, uning yer va suv resurslarini boshqarishga ta’sirini baholash va erishilgan natijalarni kengaytirish orqali qurg’oqchilik, yer degradatsiyasi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlariga bag‘ishlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Global ekologik jamg’arma (GEF) bilan hamkorlikda 2018-yilda boshlangan CACILM-2 loyihasi Markaziy Osiyo va Turkiyada iqlim o‘zgarishi hamda yer degradatsiyasi oqibatlarini yumshatish, qishloq xo‘jaligi amaliyotlari va yerlarni boshqarishning samarali strategiyalarini joriy etishga qaratilgan. Loyiha qurg’oqchilik va yerlarning sho‘rlanishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi davlatlarga ko’mak berdi.
"Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari loyihani amalga oshirish uchun tanlab olingan hududlar edi. Aynan tuproq degradatsiyasi va qurg'oqchilikka uchragan yerlar bilan bog'liq muaammolarning yechimini topish bo'yicha izlanishlar amalga oshirildi. Erishilgan natijalarga to’xtalsak, loyiha doirasida hamkor tashkilotlarga zarur asbob-uskunalar yetkazib berildi, yerga
ishlov bermasdan turib qishloq xo'jaligi ekinlarini ekish usuli qo’llanildi. Mazkur usul bugungi kundagi iqlim o'zgarishini oldini olishga qaratilgan yangi texnologiya hisoblanadi. Qolaversa, mutaxassislar tomonidan fermerlarga qurg'oqchil va sho'rlangan yerlarda o'sadigan va hosildorligi yuqori bo'lgan qishloq xo'jaligi ekinlari ekilib, amaliyotda ko'rsatib berildi"-deb ta’kidladi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o’rinbosari Sherzod Umarov.
Ta’kidlash joizki, mintaqadagi aholi sonining o‘sish sur’atlari va iqlim o‘zgarishi kabi omillar sababli Markaziy Osiyo mamlakatlari suv resurslarining qisqarishi, yaylovlarning cho‘llanishi va ekin maydonlarining eroziyasi kabi jiddiy muammolarga duch kelmoqda. So‘nggi 30 yil davomida ushbu mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi sezilarli darajada pasayib, ayrim ekinlar hosildorligi 30% gacha kamaygan. Natijada oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xatar yanada oshib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun qiyinchilik keltirgan.
“Tashabbus doirasida takomillashtirilgan sug‘orish usullari va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshiruvchi texnologiyalar yo’lga qo’yilib, mintaqada barqaror yer va suv resurslari boshqaruvi hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish usullari joriy etildi. Zero, suv resurslarini tejash bugungi kunda mintaqada eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Maqsadimiz tabiatga zarar yetkazmagan kelgusi avlodlar uchun suv va yer resurslarini, bioxilma-xillikni saqlab qolgan holda hozirgi avlod talab va ehtiyojlarini qondirishdir”-deya qayd etdi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar loyiha doirasida barqaror qishloq xo‘jaligi texnologiyalari qo‘llanilishining amaliy natijalarini ko’zdan kechirishdi. Ular, xususan, hozirda “no-till” texnologiyasini muvaffaqiyatli tarzda qo’llab, yuqori hosil olib kelayotgan fermer Fahriddin Zaripov rahbarligidagi “Zarif ota” fermer xo’jaligiga tashrif buyurishdi.
Loyiha natijalari Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi landshaftlarining iqlim o‘zgarishiga bardoshliligini oshirish hamda FAOning strategik maqsadlari, xususan, ocharchilikka barham berish, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va kambag’allikni qisqartirish kabi pirovard maqsadlari bilan chambarchas bog’liqdir.
CACILM-2 loyihasi Markaziy Osiyo va Turkiyada yer degradatsiyasi muammolari bilan kurash va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish bo‘yicha kelgusi mintaqaviy hamkorlikka mustahkam zamin yaratdi.