Bosh prokuratura O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatilishini nazorat qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bosh prokuraturaga mamlakat bo‘ylab quyosh panellari va suv isitgichlarni o‘rnatish jarayoni ustidan nazoratni taʼminlash vazifasi yuklatildi. Bu haqda 7 fevralda qabul qilingan prezident farmonida qayd etilgan.
Bosh prokuror o‘rin bosari Shohrux Aminov qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida kichik quvvatli uskunalarni joriy etish rejasining ijrosi, shuningdek, ularni o‘rnatishda qonunchilikka rioya etilishi bo‘yicha qatʼiy nazoratni amalga oshiradi.
Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2025 yil uchun quyosh panellari va suv isitgichlarni o‘rnatish bo‘yicha tuman va shaharlar kesimida batafsil dasturni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishi kerak.
Bundan tashqari, davlat idoralari 2025–2026 yillarda mamlakat hududlarida mikro GESlar qurish bo‘yicha dasturni ishlab chiqadi.
Energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushini oshirish maqsadida 4,5 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalari (ilk loyihada 3,5 GVt ko‘zda tutilgan), 785 MVt quvvatda quyosh panellari va 225 MVt quvvatli GESlar (ilk loyihada 160 MVt edi) barpo etilishi rejalashtirilgan.
Yanvar oyida «Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili» davlat dasturini amalga oshirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonni 600 MVt quvvatga ega quyosh panellari bilan taʼminlashni buyurgan edi. Bu topshiriqning bajarilishi ustidan nazorat Bosh prokuratura zimmasiga yuklatilgan.
Yanvar oyi oxirida Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov mamlakatdagi uy-joy va xo‘jalik binolarining kamida yarmini quyosh panellari va suv isitgichlar bilan jihozlash rejasi borligini maʼlum qilgan edi.