Bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi model sifatida eʼtirof etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasi doirasida 12 iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan maxsus konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda Xalqaro mehnat konferensiyasida ishtirok etayotgan 187 ta davlat orasida qisqa vaqt mobaynida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham bergan davlat sifatida O‘zbekiston tajribasi namoyish qilindi.
Unda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi T. Narbayeva “Bolalar mehnatiga barham berishda O‘zbekiston tajribasi” mavzusida maʼruza qildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi hamda shaxsiy tashabbusi bilan ushbu illatga qarshi ko‘rilayotgan qatʼiy amaliy choralar o‘zining ijobiy natijasini berayotgani taʼkidlandi.
Milliy komissiya raisi o‘z maʼruzasida mamlakatimizning bolalar mehnati va majburiy mehnatga nisbatan keskin pozitsiyasi hamda xalqaro hujjatlar, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy konvensiyalari va 29-sonli Konvensiyaga Bayonnoma ratifikatsiya qilingani sohaga oid islohotlarning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lganini taʼkidladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va Mehnat kodeksi esa bolalar mehnatiga tamoman chek qo‘yishga qaratilgani, har bir fuqaroning ijtimoiy himoyasini kafolatlash esa inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosatining markazidan joy olgani qayd etildi.
Konferensiya ishida mamlakatimizda Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiyalarini ratifikatsiya qilish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, institutsional asoslarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi.
Shuningdek, tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Xalqaro ish beruvchilar Konfederatsiyasi, YUNISEF hamda Filippin, Marokash, Chili, Germaniya, Braziliya hukumati vakillari maʼruza bilan ishtirok etdi. Ekspertlar bugungi kunda O‘zbekiston tajribasi bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurash olib borayotgan davlatlar uchun model bo‘lib xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etishdi.