Valyuta kurslari 18/03/2025
$1 – 12943.39
UZS – -0,08%
€1 – 14108.30
UZS – 0,36%
₽1 – 153.70
UZS – 1,7%
Qidirish
Iqtisod 18/03/2025 BMT saytida O'zbekistonning kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha sa'y-harakatlari haqida maqola e'lon qilindi

BMT saytida O'zbekistonning kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha sa'y-harakatlari haqida maqola e'lon qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiy saytida "O'zbekiston kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha global sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlaydi", sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda BMTning Nyu-York shahridagi shtab-kvartirasida O'zbekistonning Doimiy vakolatxonasi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi bilan birgalikda o'tkazgan yuqori darajadagi tadbir tafsilotlari qalamga olingan.

Ma'lum qilinishicha, O'zbekiston tashabbusi bilan bo'lib o'tgan kreativ iqtisodiyotini qo'llab-quvvatlash bo'yicha tadbirda UNCTADning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi direktori Xuan Xose Badillo so'zga chiqdi.

Xuan Xose Badillo zamonaviy dunyoda an'anaviy rivojlanish yo'llari ko'plab mamlakatlar uchun samarali bo'lmay qolayotganini, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun esa o'z iqtisodiyotlarini diversifikatsiya qilish tobora qiyinlashib borayotganini urg'uladi. Uning so'zlariga ko'ra, bunday sharoitda kreativ industriya sohalari barqaror rivojlanish uchun imkoniyatlar yaratadi, taraqqiyot va ish o'rinlari tashkil etishda katta hissa qo'shadi.

O'zbekiston Madaniyati va san'atini rivojlantirish jamg'armasi raisi Gayane Umerova yig'ilganlarni Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasini yuqori tashkiliy darajada o'tkazish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi. Samarqand tashkilotning ushbu nufuzli forumi Parijdagi shtab-kvartirasi tashqarisida 1985-yildan buyon ilk bor mezbonlik qilayotgan shaharga aylanishi ta'kidlandi. YUNESKOning asosiy qadriyatlarini yana-da targ'ib qilishga ulkan hissa qo'shishga qaratilgan Bosh konferensiyani muvaffaqiyatli o'tkazish uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar etish O'zbekiston hukumatining birlamchi vazifasi ekanligi tasdiqlandi.

Maqolada, shuningdek, O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug'bek Lapasovning so'zlaridan iqtibos keltirilgan: "Madaniyat va bunyodkorlik iqtisodiyoti iqtisodiy o'sish, ta'lim, tinchlik, ijtimoiy hamjihatlik va ekologik barqarorlikni ta'minlashda o'zgartiruvchi salohiyatga ega".

Qayd etilishicha, boshqa mamlakatlar ham kreativ iqtisodiyotga e'tibor qaratmoqda. "Xususan, rivojlanayotgan mamlakatlar o'rtasidagi ijodiy tovarlar savdosi so'nggi 20 yil ichida ikki baravar oshdi", – deyiladi nashrda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling