Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
Dunyo 24/07/2025 BMT Bosh kotibi: «Toza energiya asrining tezlashishi — bu imkoniyatlar davri»

BMT Bosh kotibi: «Toza energiya asrining tezlashishi — bu imkoniyatlar davri»

(surat: UNPhoto_MarkGarten)

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Energiya insoniyat taraqqiyotida doimo hal qiluvchi o‘rin tutgan — ibtidoyi otashdan tortib, atom energiyasigacha.

Bugungi kunda, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘zlariga ko‘ra, insoniyat yangi bir davr — toza energiya asri ostonasida turibdi.

O‘tgan yilda dunyodagi yangi energetik quvvatlarning deyarli barchasi qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga yaratildi. Toza energiyaga investitsiyalar 2 trillion dollarga yetdi va bu ko‘rsatkich qazilma yoqilg‘iga qo‘yilgan sarmoyalardan 800 milliard dollarga ko‘pdir. Quyosh va shamol energiyasi eng arzon energiya turlariga aylandi. Toza energiya sohalari esa yangi ish o‘rinlari yaratib, iqtisodiyotni rag‘batlantirmoqda va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shmoqda, hatto qazilma yoqilg‘iga hanuzcha berilayotgan subsidiyalarga qaramay.

Guterrish taʼkidlaydiki, eski energetika tizimini ushlab turish — bu iqtisodiyotni muhofaza qilish emas, balki uni sabotaj qilish demakdir. Toza energiya esa, aksincha, energetik mustaqillikni taʼminlaydi: quyosh va shamol, qazilma manbalardan farqli ravishda, narxlar tebranishidan yoki geosiyosiy xavf-xatarlardan xoli.

Bundan tashqari, toza energiya milliardlab insonlar uchun, ayniqsa quyosh panellariga asoslangan mustaqil tizimlar orqali, elektr energiyasiga kirish imkonini yaratadi. Ammo shunga qaramay, energetik o‘tish jarayoni haligacha sekin va noodil kechmoqda — rivojlanayotgan mamlakatlar ortda qolmoqda, chiqindilar esa hanuz o‘smoqda.

Vaziyatni to‘g‘rilash uchun, BMT Bosh kotibi olti ustuvor yo‘nalishda harakat qilishni taklif etmoqda:

Davlatlar majburiyatlari — har bir mamlakat iqlim rejalarini (NDS) yangilab, 1,5°C isish chegarasi va toza energiyaga o‘tish bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilashi kerak. Bu borada ayniqsa G20 guruhi mamlakatlarining roli muhim, chunki ular dunyo bo‘ylab chiqindilarning 80% uchun javobgardir.

Zamonaviy energetik infratuzilma — agar yangi tarmoqlar va energiya saqlash tizimlari rivojlantirilmasa, qayta tiklanuvchi energiya salohiyati to‘liq ro‘yobga chiqmaydi. Har bir dollar VIEga sarmoya qilinar ekan, shu qiymatda infratuzilmaga ham sarmoya yo‘naltirilishi zarur.

VIE orqali o‘sish — elektr energiyasiga talab (ayniqsa data-markazlar sababli) qayta tiklanuvchi manbalar orqali qondirilishi kerak. Yirik IT-kompaniyalar VIEdan foydalanish bo‘yicha majburiyatlarni olishlari lozim.

Adolatli o‘tish — qazilma yoqilg‘iga bog‘liq mintaqalar qo‘llab-quvvatlanishi, muhim minerallar zanjiri qayta isloh qilinishi va ekspluatatsiya hamda ekotalofatlar oldi olinishi kerak.

Savdo — islohotlar kaliti — toza texnologiyalarga tariflarni pasaytirish, investitsiya shartnomalarini yangi reallikka moslashtirish va yetkazib berish yo‘llarini diversifikatsiya qilish zarur.

Moliyalashtirish — rivojlanayotgan davlatlar ko‘proq sarmoya olishi shart. 2024 yilda Afrika VIEga qo‘yilgan global investitsiyalarning faqat 2% ni oldi, garchi salohiyati katta bo‘lsa-da. Dunyo jamoatchiligi adolatli qarz siyosati, reyting agentliklari yondashuvini yangilash va ko‘p tomonlama taraqqiyot banklarining rolini oshirish orqali buni taʼminlashi kerak.

Guterrish o‘z murojaatini shunday yakunladi:

«Biz yangi energetik davr ostonasida turibmiz. Bu global o‘zgarishni tezlashtirish imkoniyatidir. Keling, undan unumli foydalanaylik».

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling