Bishkek shahrida MDHga aʼzo davlatlar bojxona organlari kinologiya xizmatlari rahbarlarining 32-yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bishkek shahrida MDHga aʼzo davlatlar bojxona organlari kinologiya xizmatlari rahbarlarining 32-yigʻilishi boʻlib oʻtdi, Unda Bojxona qo'mitasining Milliy kinologiya markazi direktori F. Qahhorov boshchiligidagi delegatsiya ham faol ishtirok etdi.
Yig'ilishda oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish va zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ta'kidlash joizki, yigʻilish davomida qator hujjatlar imzolndi. Jumladan joriy yilning 20-24 oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qo'mitasi Milliy kinologiya markazida “Chegara bojxona postlarida xizmat itlarini giyohvandlik vositalarini qidirib topishga o'rgatish” mavzusida xalqaro amaliy seminari oʻtkazilishi belgilandi.
Bu esa Bojxona qo'mitasi Rahbariyati tomonidan kinologiya sohasiga ko'rsatilayotgan e'tibor natijasida mazkur Markazning xalqaro darajadagi nufuzi tobora oshib borayotganini tasdiqlaydi.
Yig'ilish doirasida ishtirokchi kinologlar uchun xalqaro amaliy seminar tashkil etildi. Uni kolumbiyalik ekspert, xalqaro darajadagi mutaxassis-kinolog Jonatan Hernandes xizmat itlarini tayyorlash va sohada ilgʻor usullarni qoʻllash boʻyicha amaliy tajribalarini o'rtoqlashdi.
Yigʻilish doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston bojxona organlari kinologiya xizmatlari rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvi ham bo'lib o'tdi hamda uchrashuv yakunida Hamkorlik bayonnomasi imzolandi.
Mazkur hujjat ikkala davlat kinologiya sohalari o'rtasida tajriba almashish, qoʻshma amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish hamda xizmat itlarini tayyorlash boʻyicha ilgʻor metodikalarni birgalikda joriy etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.