Barcha taʼlim muassasalarida majburiy mehnat ustidan nazorat tadbirlari o‘tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15 avgust sanasidan boshlab, butun respublika bo‘yicha maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida “Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi” eʼlon qilinadi.
Mehnat inspeksiyasi barcha taʼlim muassasalarida majburiy mehnat ustidan nazorat tadbirlari (reydlar) o‘tkazadi.
So‘nggi kunlarda o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari bo‘yicha eʼlon qilinayotgan xabarlar fuqarolarimizning mehnat huquqlari daxlsizligi xavf ostidaligini ko‘rsatmoqda.
Maʼlumot uchun, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan 10 ga yaqin o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari tasdig‘ini topib, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan. Tegishli vazirlik va idoralarga qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabablarini o‘rganish hamda ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.
Haftalik doirasida nafaqat ish beruvchilar balki, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan barcha masʼul mansabdor shaxslarga nisbatan ham javobgarlik choralari qo‘llaniladi.